Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tor doiradagi mutaxassis shifokorlar yetishmasligi masalasi ko‘rildi.

“10 ming nafar tor doiradagi mutaxassislar bizda yetishmaydi. Masalan, Surxondaryoda 130 ta tez tibbiy yordam, 60 ta terapevt shifokori, Toshkent viloyatida 112 ta laborant, Farg‘onada 100 ta bolalar shifokori, Namanganda 25 ta akusher yetishmaydi.

Amaldagi tizim bo‘yicha yiliga 3000 nafar mutaxassis tayyorlansa-da, har yili 2000 nafar mutaxassis pensiyaga chiqib ketadi. Shu sababli To‘ychiyev, Xojiboyev klinik ordinatura o‘qitishning yangi tizimini joriy etib, kelgusi o‘quv yilidan qabul kvotasini ikki barobar oshirish taklifini berishi kerak.

Ushbu yangi tizimda ordinatorlar o‘quv jarayonini yarmini oliygohlarda, qolgan yarmini esa ish joyida davom ettiradi.

Viloyat hokimlari tor doiradagi mutaxassis shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy budjetdan grant ajratishi shart. Masalan, ushbu grant asosida o‘qigan shifokor grant ajratgan viloyatga borib, kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini olishi zarur”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev aprel—iyun oylarida 4 million aholini emlash zarurligini hamda viloyatlarda dorilarning 3-6 oylik zaxirasi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.