BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer 28-mart kuni Toshkent markazida sodir bo‘lgan tartibsizliklarga munosabat bildirdi.

Foto: The United Nations

“Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham BMT har qanday shaxsga nisbatan kamsitish va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini qoralaydi. BMT, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri tolerantlik, inklyuzivlik, ijtimoiy xilma-xillik va inson huquqlarining umumbashariy me’yorlari va tamoyillarining bo‘lgan nafrat va adovat ifodalarining ishlatilishini ham qoralaydi.

BMTning O‘zbekistondagi jamoasi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralarini hafta oxirida sodir bo‘lgan xavotirli voqealar yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqiradi.

Shuningdek, biz ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolik jamiyatini nafrat va diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishi natijasi bo‘lgan zo‘ravonlikka qarshi kurashga birgalikda ishlashga chaqiramiz”, — deyiladi BMT vakilining bayonotida.

Bundan tashqari, sodir bo‘lgan voqeaga xorij mamlakatlarining ayrim elchilari Twitter orqali munosabat bildirgan.

AQSh elchisi Deniel Rozenblyum quyidagicha yozadi: “Dam olish kunlari Toshkent ko‘chalarida zo‘ravonlikni ko‘rish juda xavotirli. O‘zbekiston hukumatini bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga chaqiraman”.

“Dam olish kunlari o‘tkazilgan namoyishlarda shuncha nafratni kuzatish juda achinarli. Bilaman, bu juda nozik masala. Biroq turli xil jamiyat — bu kuchli jamiyat. Tolerantlik. Bloger/jurnalistlarga zo‘ravonlik qilishni oqlab bo‘lmaydi”, — deb yozadi Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28-mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi. Deputat Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotiga qarshi “yumshoq jazo”ni kuchaytirishga, Rasul Kusherbayev esa provokatorlarga chora ko‘rishga chaqirdi. Keyinroq LGBT huquqlarini himoya qilgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi.