Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova sobiq moliya vaziri Eduard Xegerga yangi hukumat tuzishni buyurdi. Sobiq bosh vazir Igor Matovich Moliya vazirligini boshqaradigan bo‘ldi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Slovakiya sobiq bosh vaziri Igor Matovich

Foto: Twitter.com

Vazirliklardagi mazkur o‘rin almashishga Matovichning “Sputnik V” koronavirusga qarshi vaksinasini Slovakiyaga yetkazib berish bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar olib borish to‘g‘risidagi qaroridan kelib chiqqan mojaro sabab bo‘ldi. Preparatning Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) tomonidan tasdiqlanmagani tufayli hukmron koalitsiyadagi ba’zi partiyalar uni qo‘llash uchun EMA’ning ruxsatini kutishni talab qilgan.

Matovich davlat rahbari, vazirlar va koalitsiyadagi safdoshlariga vaksinaga oid kelishuv to‘g‘risida xabar bermagan. Vaksinaning birinchi partiyasi 1-mart kuni mamlakatga kirib kelgan.

Matovich dastlab mamlakatda vaksinaga ehtiyoj borligini aytib, o‘z qarorini himoya qildi. Hukmron koalitsiyadagi ikki partiya uning iste’fosini talab qildi. Mojaro fonida Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Marek Kraychi va boshqa bir qancha vazirlar iste’foga chiqdi. 28-mart kuni bosh vazir hukumat rahbari lavozimidan ketishini va moliya vaziri Xeger bilan lavozim almashishni taklif qildi. Xabar qilinishicha, prezident Chaputova ushbu taklifni ma’qullagan.

OAV xabarlariga ko‘ra, Xeger allaqachon Chaputovaga vazirlar ro‘yxatini taqdim etgan. Buni prezident matbuot kotibi Martin Strijines ham tasdiqlagan. “Ular bir qator mavzularni muhokama qildi, vazir ta’kidlaganidek, barchasi yaqin kunlarda aniq bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qildi matbuot kotibi. OAV, shuningdek, so‘nggi haftalarda ishdan ketgan ba’zi vazirlarning hukumatga qaytishi taklif qilingani haqida xabar bergan.

Avvalroq Slovakiya bosh vaziri Matovich koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi evaziga Rossiyaga Ukrainaning Zakarpatye viloyatini bermoqchiligini aytib, hazil qilgandi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi Matovichdan aytgan so‘zlari uchun rasmiy ravishda kechirim so‘rashni talab qildi. Matovich “noo‘rin gapi” uchun barcha ukrainaliklardan kechirim so‘ragan.