Toshkent shahri sambo bo‘yicha 2021-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Bu haqida Moskva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro sambo federatsiyasi Ijroqo‘m yig‘ilishida qaror qabul qilindi, deya ma’lum qilmoqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Sambo bo‘yicha yilning eng muhim musobaqasi 12—14-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, aslida mazkur musobaqa mezbonligi Rossiyaning Moskva shahriga berilgandi. Biroq Sport arbitraj sudi (CAS) qarori bilan Rossiya ikki yil davomida Jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishga da’vogarlik qila olmasligi belgilandi. Shu sabab Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) va Rossiya sambo federatsiyasi ushbu musobaqani boshqa mamlakatda o‘tkazish qaroriga kelgan.
O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi musobaqani o‘zida o‘tkazish bo‘yicha taklif bilan chiqqan. Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS) esa mazkur taklifga ijobiy javob qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyun oyida sambo bo‘yicha Osiyo chempionati—2021 musobaqasi ham Toshkentda o‘tkaziladi.
Shu tariqa Toshkent shahri 2021-yilda sambo bo‘yicha ikki yirik musobaqaga mezbonlik qiladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)