Andijonda kam ta’minlangan 50 nafar fuqaroga ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilingan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Asaka tuman bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida “A.A.” nomli ishlab chiqarish kooperativi rahbari I.A. ismli shaxs Asaka tumani Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mas’ul shaxslari bilan oldindan til biriktirib, tumandagi 50 nafar kam ta’minlangan va ishsiz fuqaroning imzolarini soxtalashtirgani aniqlangan. Ular shu orqali budjetdan ajratilgan 111,5 million so‘m subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan I.A., markaz mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida maktab ta’miriga ajratilgan 242 million so‘m, Farg‘onada bolalar va o‘smirlar sport maktabini ta’mirlashda 150 million so‘m, Buxoroda qurilish firmasi maktabga arzon elektr chiroqlarni o‘rnatish orqali 84 million so‘m, Samarqand viloyatidagi qurilish-ta’mirlash ishlarida 7 milliard so‘m talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.