Yoshlar ishlari agentligi va Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti ehtiyojmand oilalar yoshlarini avtomaktablarda bepul o‘qitish to‘g‘risida memorandum imzoladi, deb xabar berdi “Xalq so‘zi Online”.
Xayriya aksiyasi doirasida “yoshlar daftari”dan o‘rin olgan 56 nafar yigit (har bir viloyatdan 4 tadan) “Vatanparvar” avtomaktablarida bepul o‘qish uchun sertifikat olgan.
“Vatanparar” tashkiloti “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 1-apreldan “temir”, “yoshlar” va “ayollar” daftarlariga kiritilgan ehtiyojmand oilalar yoshlari ham “Vatanparvar ”avtomaktablarida B va C toifalari bo‘yicha haydovchilik guvohnomalarini olish uchun bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu masalada tashkilot Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlik qiladi, ular fuqarolarni “daftar”lardan avtomaktablarga yuboradi.
Bundan tashqari, avgust oyida “Vatanparvar” texnik xizmatlar ko‘rsatish (chilangar, payvandchi va boshqalar) uchun bepul kurslarni, dekabrda — maxsus transport haydovchilarini tayyorlash bo‘yicha beshta hududiy o‘quv markazlarini ishga tushiradi.
Yoshlar ishlari agentligi ushbu tashabbus haydovchilar talab qilinadigan avtobazalarda, avtobus parklarida va boshqalarda yoshlarni ishga joylashtirish orqali ularning bandligini ta’minlash uchun amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yanvarida Prezident Shavkat Mirziyoyev Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotini 210 ta hududiy bo‘linmasi bilan birgalikda Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.
Izoh (0)