An’anaviy haftalik dayjestimizni boshlaymiz.
Ozodlikdan mahrum etilgan Sarkozi
Hafta boshida Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini korrupsiya, mansabni suiiste’mol qilish va tergov sirini oshkor qilishda ayblab, bir yillik qamoq jazosiga hukm qildi.Ta’kidlanishicha, Sarkozining panjara ortida qolishi ehtimoldan yiroq, chunki ikki yilgacha bo‘lgan jazo odatda qamoqxonada o‘talmaydi. Uning sud hukmi ustidan shikoyat qilishi kutilmoqda. Sarkozi sud binosini izohsiz tark etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Nikolya Sarkozi advokati orqali Gilbert Azibertga Monakodagi lavozimga tayinlashda yordam berishga va’da bergan. Buning evaziga sobiq prezident “Bettankur ishi” doirasida uning telefoniga qo‘yilgan telefon eshituvi haqida ma’lumot olmoqchi bo‘lgan. Bu L’Oreal egasi Liliane Bettankurdan saylovoldi tashviqoti uchun mablag‘larni noqonuniy ravishda olish bilan bog‘liq edi, bu holatda Nikolya Sarkozi oqlandi.
Oradan bir kun o‘tgach, u sud qarori ustidan ariza kiritishini ma’lum qilgan. Advokat o‘z mijoziga chiqarilgan sud hukmi asoslanmaganligi va xolis emasligini ta’kidlagan. U Sarkozining aybsiz ekanligini isbotlashga urinishini va’da qilgan.
Bu Fransiyaning harbiy tuzumdan keyingi tarixida sobiq prezidentning sud oldida javob berishi va qamoq jazosiga hukm qilinishi bilan bog‘liq birinchi voqea bo‘ldi. Sarkozigacha 2011-yilda yana bir sobiq prezident Jak Shirak Parij meriyasidagi faoliyati davomida qilgan ishlari uchun sud qilingan. Biroq u sog‘lig‘idagi muammolar sabab hech qachon sudda aybdorlik kursisida o‘tirib, savol-javoblarda ishtirok etmagan.
Mart oyi davomida Sarkozi bilan bog‘liq yana bir sud ishi boshlanishi mumkin. U va yana 13 kishi 2012-yildagi Sarkozining prezidentlik kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirganlikda gumon qilinmoqda. Sarkozi boshqargan “Xalq harakati uchun ittifoq” partiyasi saylovoldi kampaniya uchun 42,8 million yevro, ya’ni belgilangan limitdan ikki baravar ko‘p mablag‘ olganligi taxmin qilinmoqda. Shubhali harakatlarga qaramay, Sarkozi 2012-yildagi saylovlarda yutqazgan va sotsialistlar vakili Fransua Olland prezidentlikka saylangandi.
Papa Iroqqa keldi
Haftaning yana bir muhim siyosiy voqeasi Rim Papasi Fransiskning Iroqqa tashrif buyurishi bo‘ldi.Papa Fransisk ushbu mamlakatga mahalliy nasroniylar uchun himoyaga erishishga urinish uchun keldi. 6-mart kuni pontifik Iroq shialari diniy yetakchisi, mamlakatdagi eng yirik diniy hamjamiyatga rahbarlik qiluvchi oyatulloh Ali as-Sistaniy bilan uchrashdi. Oyatulloh papa Fransiskka mamlakatdagi nasroniylarni himoya qilishda davom etishga va’da berdi. “Diniy hukumat mamlakatdagi nasroniylar hamjamiyati uchun teng huquqlilikka erishadi”, — dedi oyatulloh.
“Nasroniylar xuddi barcha iroqliklar kabi — xavfsizlikda, barcha konstitutsiyaviy huquqlar bilan yashashi kerak”, — deyiladi oyatulloh devoni tarqatgan xabarda.
Fuqarolar urushi va IShID jangarilari tomonidan zo‘ravonlik oqibatida so‘nggi 20 yil ichida Iroqda nasroniylar soni qariyb 1,5 milliondan 250 ming nafargacha tushib ketgan.
Marsoxod Marsda ilk sayrga chiqdi
2020-yilning 31-iyun sanasida NASA bortiga Perseverance nomli yangi apparat o‘rnatilgan Atlas V raketa-tashuvchisini Kanaveral sahrosidan uchirgan edi.
2021-yil 9-fevralga o‘tar kechasi Perseverance tadqiqot apparati Marsga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. Qo‘nish, taxminan, yetti daqiqa davom etgan. Bu vaqt mobaynida barcha operatsiyalar avtomatik rejimda amalga oshirilgan.
6-mart kuni u ilk bor yurishni amalga oshirgan. Marsoxod sayyora yuzasida iz qoldirib, taxminan, besh metr yurgan. Bu haqda NASA Twitter orqali ma’lum qilgan.
“Men Marsda birinchi sinov tariqasida besh metrga yaqin joyni bosib o‘tdim. Siz mening g‘ildirak izlarimning faqat boshlanishini ko‘rib turibsiz. Hali ko‘p iz hosil qilish kerak”, — deyiladi xabarda.
Tanqid uchun qamoq
2-mart kuni Turkmanistonlik talaba yigit internetda hukumatni tanqid qilgani uchun Moskvada hibsga olingan. Turkmanistonlik talaba Ro‘zgeldi Cho‘liyev 2-mart kuni kechqurun Istanbuldan Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga kelib tushgan paytda hibsga olindi. U internetda hukumatni tanqid qilgani uchun Turkmaniston maxsus xizmatlari tomonidan ta’qib qilinayotgan edi.Yigitni hibsga olgan politsiya xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, u Turkmanistonga deportatsiya qilinishi mumkin.
Cho‘liyev internetda bir necha bor Turkmaniston prezidentini tanqid qilib, video joylashtirgan. Bir tanishi unga Moskvaga kelishni taklif qilgan va har tomonlama yordam berishni va’da qilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha Turkmaniston idorasi Ro‘zgeldi Cho‘liyev bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yana bir necha turkman faollari Moskvaga kelish takliflarini olgan.
Avvalroq Turkmaniston prezidenti teatrlarda “xalqning baxtli hayoti” to‘g‘risidagi spektakllar yo‘qligi sabab madaniyat vaziriga hayfsan bergan edi. “Xalqning bugungi yutuqlari va baxtli hayotini madh etuvchi yangi spektakllar madaniyat markazlari va teatrlarida namoyish etilmayapti, bu haqidagi qisqa sahna asarlari kam” — deya ta’kidlagan davlat rahbari.
Izoh (0)