Myanmada davlat to‘ntarishini o‘tkazgan harbiylar mamlakatning AQSh bankidagi hisobidan bir milliard dollar miqdorida pul olishga urindi. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular pulni Nyu-York Federal zaxira bankidan Myanma Markaziy bankiga o‘tkazishga uringan. Lekin AQSh bu operatsiyani to‘xtatgan.
Ta’kidlanishicha, Myanma harbiylari Markaziy bankka yangi rais tayinlaganidan keyin, ushbu tranzaksiyani amalga oshirishga uringan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu holat AQSh prezidenti Jo Baydenning Myanmadagi to‘ntarishga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritishi va AQShdagi davlat hisob raqamlarini muzlatib qo‘yishiga sabab bo‘ldi.
Myanmada bir oydan beri harbiy to‘ntarishga qarshi norozilik harakati tinmayapti. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha norozilik harakatining 50 dan ortiq ishtirokchisi vafot etdi.
Ma’lumot uchun, 1-fevral kuni Myanmada harbiylar hokimiyatni egallab oldi va bir yilga favqulodda holat e’lon qildi.
Avvalroq Facebook Myanma harbiylariga o‘z platformalaridan foydalanishni taqiqladi.
Izoh (0)