O‘zbekistonning Samarqand va Rossiyaning Saratov shaharlari birodarlashgan aloqalarni o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Hujjatni Samarqand hokimi Boburmirzo Oblaqulov va Saratov viloyati gubernatorining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Nikitin imzoladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” STV telekanali bergan ma’lumotga tayanib.
Hujjat investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shaharlarning ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, madaniyat va turizm sohasida hamkorlikni nazarda tutadi.
“Shartnoma, shu bilan birga, pandemiya oqibatlarini birgalikda bartaraf etishga ko‘maklashadi”, — deb qayd etilgan xabarda.
Saratov administratsiyasi saytida keltirilishicha, bugungi kunda Saratov viloyatida 3 000 nafardan ortiq, Saratov shahrida esa 1100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik istiqomat qiladi. “O‘zbekiston” o‘zbek milliy madaniy markazi, “So‘g‘diyona” o‘zbek madaniy markazi va “Turon” o‘zbek milliy madaniy markazi kabi jamoat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.