AQShning Texas va Missisipi shtatlari hukumatlari tibbiy niqob taqish majburiyatini bekor qildi. Tadbirkorlar an’anaviy ish tartibiga o‘tadi. Oq uy esa mazkur qarorning xato ekanini aytdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
“Men Texas shtatining butunlay ochilganini e’lon qildim. Shuningdek, shtatda niqob taqish majburiyati ham bekor qilindi”, — dedi Texas shtati gubernatori Greg Ebbott o‘z Twitter sahifasida.
“Biz tibbiy niqob taqish majburiyatini olib tashladik, tadbirkorlar ham to‘liq odatiy ish tartibiga o‘tishi mumkin”, — dedi Missisipi shtati gubernatori Teyt Rivz o‘z Twitter sahifasida.
Oq uy qoshidagi koronavirusga qarshi kurashish ishchi guruhining katta maslahatchisi Endi Slavitt shtatlarning cheklovlarni bekor qilishga shoshmasligi kerakligini ta’kidladi. “Biz cheklovlarni muddatidan oldin bekor qilish xato deb hisoblaymiz. Tibbiy niqob ko‘plab hayotlarni saqlab qoladi”, — dedi u CNN efirida. Slavitt shtatlarning qarorni qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirdi.
Pandemiya boshidan buyon AQShda, taxminan, 29 millionta koronavirusga chalinish holati aniqlandi. 515 mingdan ortiq kishi virus qurboniga aylandi.