Garvardning Amerika siyosiy tadqiqotlar markazi (Harvard CAPS) va Harris Poll kompaniyasining so‘rovnomalariga ko‘ra, AQSh aholisining deyarli 41 foizi COVID-19’ga qarshi emlanishni istamaydi. Bu haqda The Hill nashriga tayanib “Interfaks” xabar berdi.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, qatnashchilarning 59 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga qarshi emas.
Vaksina olishni istamayotganlarning 66 foizi koronavirusga qarshi preparatning nojo‘ya ta’siridan xavotirda bo‘lsa, qolgan 33 foizi vaksinani samarasiz deb hisoblaydi. Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilarining 27 foizi virusdan qo‘rqmasligini, 23 foizi birinchi navbatda xavf ostidagi guruh emlanishi kerakligini, 17 foizga yaqini esa salomatligida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolardan xavotirda ekanini aytgan.
“Bu oy o‘tkazilgan so‘rovnomadagi eng achinarli holat shuki, vaksina olmagan har o‘n kishining to‘rttasi emlanishni istamayapti”, — dedi tadqiqot direktori Mark Penn.
The Hill nashrining yozishicha, vaksina yaratishdagi muvaffaqiyat, tibbiy niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash majburiyati orqali AQShda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash jarayoni izchil davom etayotganiga qaramay, COVID-19’ning yangi shtammlari barcha urinishlarga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
“Iltimos, menga quloq soling: biz virusning keng tarqalayotgan turlarining bunday darajasida qiyinchilik bilan erishgan barcha marralarimizni boy berishimiz mumkin”, — dedi AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari direktori Roshel Valenski.
Harvard CAPS-Harris Poll kompaniyalarining so‘rovnomasi 23-fevraldan 25-fevralgacha o‘tkazildi, unda 2006 ta ishtirokchi qatnashdi.
27-fevralda AQShning Oziq-ovqat va dori-darmon nazorati agentligi (FDA) COVID-19’ga qarshi Johnson & Johnson kompaniyasining bir dozali vaksinasini ma’qulladi.
Avvalroq AQShda Pfizer-BioNTech va Moderna kompaniyalarining vaksinalari ma’qullagan edi, bu vaksinalar ikki dozadan yuboriladi.
Pandemiya boshidan buyon AQShda 29,3 milliondan ortiq virus bilan kasallanish holati aniqlandi, ularning 527 mingdan ko‘prog‘i virus qurboniga aylandi.