Dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 110 milliondan oshdi
Dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasining tasdiqlangan holatlari soni 110 milliondan oshdi. Bu Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarida keltirilgan.
Universitetning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 110 024 593 kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan, bemorlarning 2 432 825 nafari vafot etgan va deyarli 62 millioni sog‘aygan.
AQSh hamon kasallik aniqlangan va vafot etganlar soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Mamlakatda 27 million 829 ming kishida COVID-19 aniqlangan, 490 775 ta o‘lim qayd etilgan. Bemorlarning 18,5 milliondan ortig‘i tuzalgan.
Ro‘yxatning keyingi o‘rinlarida Hindiston (kasallanganlar – 10 950 201, vafot etganlar – 156 014) hamda Braziliya (kasallanganlar – 9 978 747, vafot etganlar – 242 090) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab virusga chalinganlarning umumiy soni 17-dekabr kuni 74 million, 27-dekabr kuni 80 million, 4-yanvar kuni 85 million, 11-yanvar kuni 90 million, 18-yanvar kuni 95 million, 27-yanvar kuni 100 million, 7-fevral kuni 105 million hamda 13-fevral kuni 108 milliondan oshgandi.
Bundan avval Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni 4 milliondan oshgani, AQShda koronavirus tarqalishi sekinlashgani hamda dunyo bo‘yicha koronavirusning tarqalish sur’ati bir oy davomida deyarli ikki barobarga kamaygani haqida xabar berilgandi.