Dushanbe shahriga 2021-yil 18-fevral kuni amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga yo‘llagan maktubini topshirdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston—Tojikiston munosabatlarining dolzarb masalalari, oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyodagi davlatlararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tovarlar eksportini kengaytirish, yangi transport koridorlarini yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy bozorlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuvda oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Bundan avval Abdulaziz Komilov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.