AQSh prezidenti bo‘lish dunyodagi eng xavfli kasblardan biri hisoblanadi, chunki shu kungacha ulardan to‘rt nafari o‘ldirilgan (Avraam Linkoln, Jeyms Garfild, Uilyam Mak-Kinli va Jon Kennedi). Hukmronlik paytida o‘ldirilgan prezidentlardan tashqari, AQSh prezidentlarini o‘ldirishga qaratilgan ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlar ham bo‘lgan. Ulardan biri 1933-yil 15-fevralda Juzeppe Zangara tomonidan amalga oshirilgan. O‘shanda u Florida shtatining Mayami shahrida prezident Franklin Delano Ruzveltni o‘ldirmoqchi bo‘lgan edi. “Daryo” mazkur jinoyat tarixi haqida hikoya qiladi.
Prezidentga o‘q
AQSh prezidenti lavozimiga kirishishdan ikki hafta oldin, 1933-yil 15-fevralda Franklin Ruzvelt soat 21:00 da nutq so‘zlash uchun Mayami shahridagi Beyfront bog‘iga yetib keldi. U ko‘k Buick avtomobilining orqa o‘rindig‘idan turib nutq so‘zlashi kerak edi.Kechki soat 21:35 atrofida Ruzvelt o‘z nutqini tugatdi va uning mashinasi atrofida to‘plangan ba’zi tarafdorlari bilan gaplasha boshladi. Shu payt birin-ketin beshta o‘q ovozi yangradi. Italiyalik immigrant va ishsiz g‘isht teruvchi Juzeppe Zangara Ruzveltga qarata 32 kalibrli to‘pponchasidan o‘q uzgan edi.
Taxminan, 8 metr masofadan o‘q uzgan Zangarada Ruzveltni o‘ldirishga imkoniyat katta edi. Biroq bo‘yi atigi 155 santimetr bo‘lgan Zangaraning birorta stul ustiga chiqmasdan turib, olomon o‘rtasidagi Ruzveltni ko‘ra olishi qiyin masala edi. Shuning uchun ham u yerda mustahkam turib emas, tebranma stulning ustiga chiqib o‘q uzgan va o‘z imkoniyatlarini pasaytirib yuborgan. Bundan tashqari, Zangara yaqinidagi olomon ichida turgan Lilian Kross ismli ayolning aytishicha, otishma paytida u Zangaraning qo‘liga zarba bergan.
Zangaraning “omadsizligi” yomon nishonga olishdan, tebranadigan stuldan yoki Miss Krossning aralashuvidan kelib chiqqanmi yoki yo‘q, aniq bilmaymiz, ammo beshta o‘qning birortasi Franklin Ruzveltga tegmagan. Biroq o‘qlar atrofdagi boshqa odamlarga tegdi. Natijada to‘rt kishi yengil tan jarohati oldi, Chikago shahar meri Anton Chermak esa qorin qismidan o‘ta og‘ir darajada jarohat oldi.
Ishonchli prezident
Zamondoshlarining fikricha, Ruzvelt o‘sha mash’um kun davomida tinch, jasur va qat’iyatli ko‘ringan. Uning haydovchisi yangi saylangan prezidentni zudlik bilan xavfsiz joyga olib ketmoqchi bo‘lganida, Ruzvelt o‘z haydovchisiga mashinani to‘xtatib, unda yaradorlarni olib ketishni buyurgan. Kasalxonaga ketayotganida Chikago hokimi Chermakning boshini o‘z yelkasiga qo‘ygan prezident unga taskin va tasalli beruvchi so‘zlar aytib ketgan. Keyinchalik shifokorlar ushbu holat Chermakni og‘riq shokidan qutqarganini ta’kidlab o‘tgan.Ruzvelt bir necha soatni kasalxonada, jarohat olganlarning har biri bilan gaplashib o‘tkazgan. Ertasi kuni u bemorlarni ko‘rish uchun yana kasalxonaga tashrif buyurgan.
Buyuk depressiya davridan keyingi Qo‘shma Shtatlar kuchli rahbarga juda muhtoj bo‘lib turgan bir paytda hali sinovdan o‘tmagan va endigina saylangan yangi prezident inqiroz sharoitida o‘zini kuchli va ishonchli rahbar ekanligini isbotlaydi. Mamlakatdagi gazetalar ham hali Ruzvelt Oq uyga kirmasidan oldin unga bo‘lgan ishonch haqida yozgan.
O‘qlar aslida prezidentga atalganmidi?
O‘q ovozlari yangragandan keyin Jo Zangara zudlik bilan qo‘lga olingan va hibsga tashlangan. Otishma tugagandan so‘ng rasmiylar bilan bo‘lgan suhbatlarda Zangara Ruzvelt va barcha badavlat kapitalistlar tufayli uning oshqozoni og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Ruzveltni bunga sababchi qilib ko‘rsatadi va shuning uchun o‘ldirishga uringanligini aytadi.Jinoyatning aniq sabablari aniqlanmagan, ammo Zangaraning oshqozon haqidagi ahmoqona farazlaridan ko‘ra jiddiyroq sabablar qidiradigan bo‘lsak, ba’zi tarixchilar Zangaraning Chikagodagi jinoyat olamining yorqin figuralardan biri Frenk Nitti (Al Kaponening do‘sti va ittifoqchisi)ning qo‘lida ishlaganligini taxmin qiladi. Aslida, Zangaraning nishoni Frenk Nittining ishlariga xalaqit qilayotgan shahar meri Anton Chermak edi, xolos. Rasmiy versiyada esa Zangara o‘zining ruhiy kasalligi tufayli Ruzveltni otishga uringani aytilgan.
Sud
Zangara aybini tan olganidan so‘ng sud avvaliga uni 80 yilga ozodlikdan mahrum qildi: “Men kapitalistlarni o‘ldiraman, chunki ular meni oshqozonim orqali o‘ldirishyapti. Yashashimdan foyda yo‘q. Menga elektr stul bering”, — deya qichqiradi Zangara hukm o‘qilgan paytda.Biroq og‘ir yaralangan Chikago shahar meri Anton Chermak 1933-yil 6-martda olgan jarohatlari oqibatida otishmadan 19 va Ruzvelt inauguratsiyasidan ikki kun o‘tgach, kasalxonada vafot etadi. Zangara birinchi darajali qotillikda ayblanib, hukm qayta ko‘rib chiqiladi va u o‘limga mahkum etiladi.
Qatl
Sud jarayonidan so‘ng Juzeppe Zangara Florida shtatidagi qamoqxonaning maxsus bo‘limida o‘lim jazosi ijro etilishini kutib yashadi. Hukm e’lon qilinganidan 10 kun o‘tgach, 1933-yil 20-martda Juzeppe Zangarani elektr stulga olib borishdi. Uning qatl jarayonida birorta ham jurnalist yo‘qligini ko‘rgan mahkum qattiq g‘azabga keldi va o‘limidan oldin: “Italiyaga shon-sharaf, barchaga xayr, bu dunyoning kambag‘allari!”, — deya jallodga buyruq berdi: “Tugmani bos nomard!”Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)