Koronavirusga qarshi vaksinalar COVID-19’ning yangi shtammlari paydo bo‘lishi sababli vaqt o‘tib eskirishi mumkin. “RBK”ning Bloomberg’ga tayanib xabar berishicha, bu haqda 13-fevral, shanba kuni Vashington universiteti vaksinologi Maykl Kinch ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Nashrning yozishicha, hozirda Buyuk Britaniya, AQSh va koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqargan hamda chiqarayotgan boshqa davlatlar mutatsiyaga uchragan virusdan samaraliroq himoya qilish uchun vaksinalarni yangilash variantlarini izlamoqda.

Maykl Kinchning aytishicha, hozirda ishlab chiquvchilarda vaksinalarni “modernizatsiya qilish” uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ammo preparatlar virus mutatsiyasiga qarshi yetib olishi uchun vaksinani tezda o‘zgartirishda muqobil yondashuvlar zarur. Xususan, farmasevtika kompaniyalari sog‘lom hujayralarga kirish uchun ishlatiladigan SARS-CoV-2 virusining boshoqli oqsilidagi o‘zgarishlarga tezda e’tibor qaratishga o‘rganishi lozim.

“Ko‘pchiligimizni xavotirga solayotgan narsa mavjud — vaksinalar to‘satdan yaroqsiz bo‘lib qolishi emas, ular asta-sekin eskirib borishida”, — degan Kinch.

Oksford universitetida vaksina sinovlari bilan shug‘ullanuvchi yetakchi tadqiqotchi Endryu Pollard ham shunday fikrda. Uning aytishicha, ichlab chiqaruvchilar koronavirusning turli shtammlariga muvaffaqiyatli bardosh beradigan universal preparatni izlamoqda. Biroq kompaniyalar yaqin oylarda aynan qanday mutatsiyalar keng tarqalishini hozircha bilmaydi.

“Biz hozir qanday mutatsiyalar yuz berayotganini tushunib turibmiz. Ammo virus odam immuniteti ta’siri ostida o‘zgarishda davom etishi mumkin”, — deb tushuntirgan Pollard.

Hozir olimlar vaksinalarni tez o‘zgartirishning bir necha usullarini ko‘rib chiqmoqda. Ulardan biri — mavjud vaksinalarni birlashtirish. Bunday tadqiqotlar AstraZeneca tomonidan Rossiyaning Gamaleya markazi, shuningdek, Amerikaning Pfizer kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

Bloomberg’ning yozishicha, o‘tgan hafta Buyuk Britaniya hukumati va CureVac NV biofarmasevtika kompaniyasi COVID-19’ning keyingi mutatsiyalarini taxmin qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha qo‘shma loyihani e’lon qildi.

Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson preparatlari samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan. AstraZeneca virusning yangi shtammlari bilan kurashishga qodir vaksinaning moslashtirilgan versiyasini kuzga qadar taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, SARS-CoV-2 virusining yangi shtammlari 2020-yilning dekabridan boshlab dunyoning turli davlatlarida tarqala boshladi. U, xususan, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Braziliya, Yaponiyada topilgan. Fevral oyida Yevropa dori vositalari agentligi (EMA) vaksina ishlab chiqaruvchilardan preparatlarining yangi shtammga qanchalik samaradorli ekanligini o‘rganib, bu haqda xabar berishni topshirgan.