Germaniya 2021-yil fevral oyida sovuq havo va qor yog‘ish bo‘yicha o‘z rekordlarini yangiladi. Mamlakatning Myulxauzen shahrida 10-fevral, chorshanba kuni kechasi 26,7 daraja sovuq havo qayd etildi, deb yozmoqda “Interfaks”.
Umuman olganda, Germaniyada bir necha kundan beri qor yog‘moqda, sinoptiklarning fikriga ko‘ra, sovuq harorat kamida keyingi hafta oxirigacha davom etadi.
Germaniyalik meteorolog Dominik Yungning so‘zlariga ko‘ra, bunday qorli va sovuq fevral oxirgi marta 9 yil oldin kuzatilgan.
Berlindagi qor kamdan-kam uchraydigan chana uchish imkoniyatini berish orqali bolalarni quvontirsa-da, boshqalarga noqulaylik tug‘dirmoqda, chunki shaharda qor tozalovchi yirik uskunalar yo‘q.
Mazkur holatdan temiryo‘l transporti ham aziyat chekmoqda — qor yog‘ishi sababli shaharlararo qatnovchi S-Bahn poyezdi transport harakatidagi yangi uzilishlar, poyezd reyslarining kechikishi va bekor qilinishi haqida xabar berdi.
7-fevral kuni Germaniya hukumati kuchli qor yog‘ishi tufayli Niderlandiya bilan o‘ta tezyurar Intercity (ICE) poyezdlar qatnovini bekor qilishga majbur bo‘lgandi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya shtatining o‘zida noqulay ob-havo tufayli 222 ta yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Ularda 28 kishi jabrlangan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniyadagi Reyn daryosi qor erishi tufayli toshib ketgan.
Izoh (0)