1-fevraldan boshlab Turkmanistondan Rossiyaga jo‘nab ketish uchun faqat Ashxoboddagi Rossiya elchixonasiga shaxsan murojaat qilish kerak bo‘ladi, deya xabar qilmoqda “Xronika Turkmenistana”.

Rossiyaning Ashxoboddagi elchixonasi

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Yangi qoidalar Rossiyaga chiqish istagida murojaat qilgan fuqarolardan kelgan arizalar ko‘payib, elchixonaning elektron pochtasi yuklamani ko‘tarolmagani tufayli kiritildi.

Endi faqat quyidagi toifadagi fuqarolarning murojaatlari elektron pochta orqali ko‘rib chiqiladi:

  • Faqat Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lganlar;
  • Rossiya hududida doimiy yashaydigan ikki va undan ortiq fuqaroligi bo‘lgan shaxslar;
  • Rossiyaga davolanish, og‘ir kasalligi sabab yoki yaqin qarindoshining o‘limi munosabati bilan ketayotgan shaxslar.

Shuningdek, 1-fevralgacha elektron pochta orqali yuborilgan chiqish hujjatlari xuddi shu tartibda rasmiylashtiriladi.

Avvalroq Turkmanistonda koronavirusga qarshi Rossiyaning ikkinchi vaksinasi – “EpiVakKorona” ro‘yxatdan o‘tkazilgani, Berdimuhamedov go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘lgan itlar uchun beriladigan medal dizaynini ma’qullagani hamda Turkmaniston aholisini koronavirusga qarshi emlashga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.