Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Amerikaning Pfizer kompaniyasi bilan mamlakatga vaksina yetkazib berish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deb xabar beradi Tengrinews. Vaksina 2021-yilning ikkinchi yarmida yetkazib berilishi mumkin.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va davlat bosh sanitariya shifokori Yerlan Kiyasovning so‘zlariga ko‘ra, Pfizerni yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar allaqachon o‘tkazib bo‘lingan.
“Pfizer Qozog‘istonga yilning ikkinchi yarmidan yetkazib berilishi mumkin. Dastlabki kelishuvlar o‘tkazilgan. Pfizer bilan memorandum imzolangan. Batafsil masalalar muhokama bosqichida hal qilinadi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning boshqa davlatlar oldidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi savol hali ham ochiq, chunki vaksina yetishmovchiligi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston bosh sanitariya shifokori 1-fevral kuni erta tongda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlangan. Xuddi shu kuni qozog‘istonliklarni ommaviy emlash boshlandi.
2020-yil dekabr oyida Qozog‘istonda ko‘ngillilarni koronavirusga qarshi mahalliy QazCovid-in vaksinasi bilan emlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Qozog‘iston ta’lim va fan vaziri mamlakatda ishlab chiqilgan ushbu vaksinani o‘zida sinab ko‘rganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)