Mamlakat yetakchilari hibsga olingach hokimiyatni qo‘lga olgan Myanma Qurolli kuchlari favqulodda holat bekor qilingandan so‘ng yangi saylovlar o‘tkazish rejasini e‘lon qildi. Bu haqda harbiylarning televizion murojaatiga asoslanib “RBK” xabar berdi.
Harbiylar, shuningdek, o‘tgan yilgi saylov natijalarini qayta tekshirish uchun saylov komissiyasini isloh qilishga va yangi saylovlardan so‘ng hokimiyatni saylangan partiyaga topshirishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, 1-fevral kuni Myanma harbiylari mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritganini e’lon qildi, hukmron partiya rahbarlari va mamlakat prezidenti hibsga olindi. Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlaynu mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi va mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etildi.
Davlat to‘ntarishiga sabab qilib o‘tgan yilgi saylovlardagi soxtaliklar va saylov komissiyasining harakatsizligi ko‘rsatildi. 2020-yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi hukumat tuzish uchun yetarlicha ovoz to‘plagan, harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiya esa mag‘lub bo‘lgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish qurolli kuchlarning harakatlarini “Myanmada amalga oshirilgan demokratik islohotlarga jiddiy zarar yetkazish” deya qoraladi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Myanma davlat rahbarlarining hibsga olinishidan xavotir bildirdi va harbiylarni hibsga olingan siyosatchilarni ozod qilishga chaqirdi.
Izoh (0)