Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida respublika bo‘ylab minglab fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan aldab, olingan pullarni o‘zlashtirib yuborgan xususiy bandlik agentligi vakillari ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali orqali ma’lum qilindi.

Foto: Recruit Consulting Work

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida Toshkentda fuqarolarni Koreya, Yaponiya, Latviya, Litva, Chexiya, Niderlandiya, Germaniya, Shvetsiya, Slovakiya kabi davlatlarda ish topib berish va ishga joylashtirishni va’da qilib, juda ko‘p miqdordagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan egallagan xususiy bandlik agentligining kirdikorlari fosh qilingan edi. O‘shanda jabrlangan fuqarolar soni 1100 nafardan oshishi va qo‘lga kiritilgan mablag‘lar 6,2 milliard so‘mni tashkil etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

“Vaziyat 24” ko‘rsatuvining sud tergovi jarayoniga tayanib ma’lum qilishicha, Recruit consulting work MChJ mansabdorlari jami 1087 nafar fuqaroga 8 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazgan.

Sud hukmiga ko‘ra, mazkur xususiy bandlik agentligi rahbari Jahongir Allaberdiyev Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,b” bandlari va 25, 168-modda (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish, firibagarlik) 4-qismi “v” bandi bilan aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shuningdek, bandlik agentligining boshqa mansabdor shaxslariga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi Alisher Ergashev ham Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddalari bilan aybdor deb topilib, unga BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 410 baravari miqdorida (91,43 million so‘m) jarima jazosi tayinlandi. U yetkazilgan zararlarni o‘z vaqtida qoplab bergani uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo chorasi qo‘llangan va sud zalidan ozod qilingan.

“Sud jarayonlari odilona o‘tdi deb hisoblayman. Aynan mening o‘zimni 44 nafar o‘quvchim bor edi, shu o‘quvchilarim orqali pul berish masalasida o‘rtada turib qolgandim. Shuning uchun oxirgacha kelib, jabrlanuvchilarga o‘zimning yonimdan zararlarni qoplab berdim”, — deydi Ergashev.

Sud xususiy bandlik agentligining hozircha mavjud 600 million so‘mga yaqin pul mablag‘larini proportsional tarzda taqsimlashni va qolgan qismini ayblanuvchilarning qoplash sharti bilan undirilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning oktabrida Samarqandda xorijga ishga jo‘natish bahonasida 300 dan ortiq odamni chuv tushirgan Amilee Bahora xususiy bandlik agentligi rahbarlariga sud hukmi o‘qilgandi.