AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik siyosatchilar, musiqachilar, sportchilar va rassomlarga yodgorliklar o‘rnatishni rejalashtirgan Amerika qahramonlari milliy bog‘ini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Varete’ga tayanib, Meduza xabar qilmoqda.

Foto: AP

Farmonda ikki yuzdan ortiq ismlar keltirilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bular “Amerikaning jamiyatiga katta hissa qo‘shgan yoki uning tarixiga o‘zgacha ta’sir ko‘rsatgan” tarixiy ahamiyatga ega shaxslar hisoblanadi.

Yodgorligi o‘rnatilishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida Apple asoschilaridan biri Stiv Jobs, Disney asoschisi Uolt Disney, qo‘shiqchi Uitni Xyuston, rejissor Alfred Xichkok, musiqachi Elvis Presli, aktrisa Ingrid Bergman, bokschi Muhammad Ali, basketbolchi Kobi Brayant, qora tanlilar huquqlarini himoya qilish harakati rahbari Martin Lyuter King va Amerika prezidentlari Tomas Jefferson, Jorj Vashington hamda Jon Adams bor.

“Milliy bog‘ bu – bizning qahramonlarimizni, qadriyatlarimizni va butun hayot tarzimizni yo‘q qilishga qaratilgan urinishlarga Amerikaning javobidir. Vayronalik va kelishmovchiliklarni vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat va doimiy vatanparvarlik yengib chiqadi. Bu Amerika uslubi”, – deyiladi farmon matnida.

Ta’kidlanishicha, saylangan prezident Jo Bayden ma’muriyatining ushbu loyihani davom ettirish ehtimoli juda kam. Shuningdek, bog‘ning qayerda qurilishi hali aniq emas.

Avvalroq Tramp Baydenning inauguratsiyasidan bir kun avval koronavirus tufayli AQShga kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgani hamda o‘zining so‘nggi ish kunida u yuzga yaqin kishini afv etishni ham rejalashtirgani haqida xabar berilgandi.