AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi impichment e’lon qilinishi va bundan keyin kutilayotgan voqealar haqida Meduza yozmoqda.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Donald Trampga nisbatan ikkinchi impichment bo‘yicha majlisda nutq so‘zlaganidan keyin qo‘riqchilar qurshovida o‘z kabinetiga ketmoqda. Vashington, 2021-yil 13-yanvar

Foto: Getty Images

Vakillar palatasida nimalar bo‘ldi?

2021-yil 13-yanvar kuni AQSh Kongressining Vakillar palatasi misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari sharoitida amaldagi prezident Donald Trampga nisbatan impichment uchun ovoz berdi. Impichmentni yoqlab 232 kishi ovoz bergan bo‘lsa, 197 kishi qarshi chiqdi. Ta’kidlash joiz, yoqlab ovoz berganlar orasida 10 nafar respublikachi bor — bu 1998-yilda o‘z partiyadoshlari Bill Klinton impichmenti uchun ovoz bergan demokratlardan ikki marta ko‘p demakdir.

Ovoz berish Kongress binosiga Tramp tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan shiddatli hujumdan roppa-rosa bir hafta keyin va Trampning vakolatlari rasman yakunlanishidan roppa-rosa bir hafta avval o‘tkazildi. Shu tariqa, u birinchi va katta ehtimol bilan, muddati davomida ikki marta impichment e’lon qilingan AQSh tarixidagi yagona prezidentga aylandi. Birinchi impichment Trampga Vakillar palatasi tomonidan 2019-yilda e’lon qilingan edi (o‘shanda barcha respublikachilar qarshi ovoz bergan, ammo ko‘pchilik ovoz demokratlarda bo‘lgan), lekin Senat uni hokimiyatdan chetlatishdan bosh tortgan edi.

Bir kun avval demokrat kongressmenlar rezolyutsiya matnini e’lon qildi, unda Tramp o‘ta og‘ir jinoyatlarda va AQSh hukumatiga qarshi “qo‘zg‘alonlarga gijgijlashda” ayblandi hamda Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatishga muvofiq, uni yana saylanadigan lavozimlarga o‘z nomzodini qo‘yish huquqidan mahrum qilishga da’vat etildi.

Bungacha Vakillar palatasi ko‘pchilik ovoz bilan Mayk Pensni Konstitutsiyaga kiritilgan 25-tuzatish asosida prezident vakolatlarini tugatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga ovoz bergan edi, ushbu tuzatish vitse-prezidentga amaldagi prezidentning o‘z vazifalarini bajarishga layoqatsizligi sababli uning vakolatlarini tugatish huquqini beradi. Ammo Pens bu talablarni bajarishdan bosh tortdi. Shu tariqa Trampga nisbatan impichment haqidagi masala bir yildan sal ziyodroq vaqt ichida ikkinchi marta Kongressga kiritildi.

O‘z nutqida Vakillar palatasi spikeri, demokrat Nensi Pelosi Trampni “bevosita va yaqqol xavf” deb atab, unga zudlik bilan impichment e’lon qilishga chaqirdi. Zalda bir hafta avval Tramp tarafdorlari tomonidan Kongress binosini egallab olishga urinish chog‘ida shu yerda qamalib qolgan Vakillar palatasi a’zolari — ham demokratlar, ham respublikachilar bor edi. Ularning ba’zilari, shu jumladan, xuddi o‘sha zalda bir hafta avval Jo Baydenning g‘alabasini tasdiqlagan respublikachilar ham jurnalistlarga ularga o‘ta o‘ng ekstremistlardan kelib tushayotgan tahdidlar haqida gapirib berdi.

Trampga impichment e’lon qilish bo‘yicha o‘tgan safargi urinishda birorta ham respublikachi ovoz bermagan bo‘lsa, bu safar besh respublikachi ovoz berish boshlanishidan oldin rezolyutsiyani yoqlab ovoz berishni va’da qildi, ular orasida sobiq vitse-prezident Liz Cheynining qizi ham bor. Munozaralar chog‘ida ularga yana bir necha kishi qo‘shildi.

Boshqa respublikachi kongressmenlar ta’kidlashicha, 6-yanvardagi miting chog‘ida Tramp Kongress binosiga shiddatli hujum va bir necha kishining vafoti bilan tugagan zo‘ravonliklarga da’vat qilmagan. Ammo ba’zilar prezidentning gaplarini zo‘ravonlikka da’vat deb baholash mumkinligiga e’tiroz bildirmadi, shunday bo‘lsa-da, ular demokratlarni jarayonni o‘tkazishda shoshma-shosharlikda aybladi. Bundan tashqari, ular demokrat siyosatchilar 2020-yil yozida, Black Lives Matter harakati aksiyalari chog‘ida supermarketlar va yirik do‘konlarga hujumlarni qo‘llab-quvvatlaganini eslatdi.

Bundan tashqari, ham Vakillar palatasidagi, ham Senatdagi ba’zi atoqli respublikachilar (masalan, sud tizimi bo‘yicha Senat qo‘mitasi raisi Lindzi Grem) umumiy ma’noda Trampni qoralasa-da, impichmentga qarshi chiqdi, chunki u, ularning fikricha, bunday murakkab vaqtda mamlakatni birlashtirishga xizmat qilmaydi. Bundan tashqari, Tramp himoyachilarining bir qismi demokratlarni impichmentdan siyosiy o‘ch olish usuli sifatida foydalanish bo‘yicha xavfli pretsedent yaratayotganlikda aybladi va undan saylangan prezident Jo Baydenga qarshi foydalanishlari mumkinligi haqida bevosita tahdid qildi.

Baydenning o‘zi ham partiyadoshlarining impichment bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlamadi — u hokimiyat topshirilishi jarayonini iloji boricha tezroq yakunlab, Amerikaning eng shoshilinch muammolari, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasi bilan shug‘ullanish niyatida. Partiyalar o‘rtasidagi keskinlikning o‘sishi unga Senat tasdiqlaydigan eng muhim mansabdorlarni tayinlashda xalaqit berishi mumkin.

Endi nima bo‘ladi?

Endi Trampning taqdiri Senatda hal qilinadi. U amaldagi prezidentga konstitutsiya moddalarini buzish ayblovlarini e’lon qiladigan sud rolini o‘tashi kerak. Agar senatorlarning uchdan ikki qismi rezolyutsiyadagi hech bo‘lmaganda bitta band bo‘yicha ayblov e’lon qilishni yoqlab ovoz bersa, prezident vakolatlaridan mahrum bo‘ladi. U holda nazariy jihatdan Senat Trampga ma’lum bir lavozimlarni egallashni, xususan, prezident lavozimiga qayta saylanishni ham taqiqlashi mumkin.

Ammo Senatning yangi yildagi birinchi majlisi 19-yanvardagina bo‘lib o‘tishi kerak, bu Donald Tramp vakolatlari rasman tugashidan bir kun avvaldir. Senatda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan respublikachilar (hozircha, Jorjiyadagi qayta saylovlarda saylangan yangi demokrat senatorlar avkolatlari boshlangunicha) rahbari Mitch Makkonnell bu majlisni ertaroq muddatga ko‘chirishdan bosh tortdi. Nazariy jihatdan Senatning impichment bo‘yicha majlisi hatto Jo Baydenning inauguratsiyasidan keyin ham bo‘lib o‘tishi mumkin, ammo AQSh sud tizimida allaqachon lavozimini tark etgan prezident ustidan sud pretsedenti yo‘q. Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, impichment jarayonini va u bo‘yicha sudni tartibga soluvchi AQSh konstitutsiyasi nizomlari faqat davlat xizmatchilariga tegishli — Tramp esa 2021-yil 20-yanvar kuni davlat xizmatchisi bo‘lishdan to‘xtaydi.

Nima bo‘lganda ham, shunchaki ko‘pchilik ovoz kifoya bo‘ladigan Vakillar palatasidan farqli o‘laroq, Senatda prezidentni sud qilish uchun ovozlarning kamida uchdan ikki qismi kerak bo‘ladi. Ya’ni demokratlar yaqinda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan taqdirda ham, o‘z tomonlariga kamida 17 nafar respublikachini jalb qilishi kerak bo‘ladi. Hozircha bu ehtimolga juda yaqin bo‘lib ko‘rinmayapti.