O‘zbekistonda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida yolg‘on xabar bergan shaxslar tegishli tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda 7-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi O‘tkirbek Nomozboyev aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston davlat budjetidan har yili o‘rta hisobda qo‘shimcha 300-500 million so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

“Qozog‘istonda davlat budjetidan 2017–2019-yillar orasida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergani uchun 708 nafar shaxsga 2 milliard 4 yuz million so‘m, 2021-yilning birinchi choragida esa  44 nafar shaxs 176 million so‘m bilan rag‘batlantirilgan”, – deya qo‘shimcha ma’lumot berdi Umida To‘xtasheva.

Ma’lumot uchun, Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lganda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • o‘zlariga nisbatan pora talab qilgan shaxs yoki o‘zlariga ma’lum bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar (Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti)ga bergan xabari asosida bunday huquqbuzarlik fosh etilsa;
  • korrupsiyaga oid jinoyatni sodir etganligi uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berilgan xabar asosida qidiruvdagi shaxs ushlanishi (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari bundan mustasno).

Shunga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar tegishlicha BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha (669 ming so‘mdan 5 million 575 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi mumkin.

Agar pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, mukofot quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

  • ancha miqdor uchun — mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
  • ko‘p va juda ko‘p miqdor uchun — mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin. Shaxslarni rag‘batlantirish masalalari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar huzurida tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Maxsus komissiya qarori asosida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘asi bilan taqdirlash haqida qaror bir ish kunida chiqariladi. Pul mukofoti xarajatlar smetasiga o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng 15 ish kuni ichida shaxslarning shaxsiy hisob varag‘iga o‘tkazib beriladi.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov davlat amaldorlarining xorijda aktivlar sotib olishini tartibga solish vaqti kelgani, shuningdek, korrupsionerlar shaxsi haqidagi ma’lumotlar e’lon qilib boriladigan platforma ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.