So‘nggi ikki kun ichida Toshkent shahar IIBB xodimlari 35 dan ortiq uysiz odamni topib, ularni “Mehr-saxovat” uyida boshpana bilan ta’minladi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Hozirgi ayozli kunlarda patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari xodimlari, profilaktika inspektorlari uylarning yerto‘lalaridan, teplotrassalardan, ko‘p qavatli uylar podyezdlaridan boshpanasiz odamlarni qidirib topmoqda. Yordamga muhtojlar Toshkent IIBB tomonidan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi qoshida tashkil etilgan “Mehr-saxovat” uyiga olib ketilmoqda.
“Yaxshilik va muruvvatdan umidini uzgan insonlarga bu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tish, o‘zlarini tartibga keltirish, toza kiyim kiyish, issiq ovqat tanovul qilish va issiq joyda uxlash uchun sharoit taqdim etiladi”, — deyiladi boshqarma xabarida.
“Agar siz boshpanasiz qolgan va ko‘chada sovqotayotgan odamni ko‘rib qolsangiz, Toshkent shahar IIBBga 71-281-90-32 raqami orqali xabar bering”, — deya sovuqda boshpanasiz qolgan kishilar haqida xabar berishga chaqirgan muhofaza qilish organlari xodimlari.
Eslatib o‘tamiz, IIBB qoshidagi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi 2018-yilning bahorida tashkil etilgan. U yerda uysiz va hujjatsiz qolgan odamlarga ijtimoiy-huquqiy va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ular ish bilan ta’minlanishi mumkin. Ushbu haftaning boshigacha markazda 160 dan ortiq kishi yashagan.
Izoh (0)