Janubiy Koreya Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasida Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik jamg‘armasiga 1 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. 17-dekabr kuni Janubiy Koreya hukumati va Fondning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi o‘rtasida bu borada shartnoma imzolandi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Travel-tramp.com”

Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘lar Orolbo‘yi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash, sog‘lig‘i va farovonligini oshirishda yordam beradi.

Janubiy Koreya hukumati o‘z hissasidan tashqari, mintaqadagi turli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) Orolbo‘yi mintaqasini ko‘p tomonlama rivojlantirish loyihasi doirasida Global Green Growth Institute (GGGI) orqali 5,56 million dollar miqdorida grant ajratish rejalashtirilgan.

BMT homiyligidagi trast fondi 2018-yil oxirida tashkil etilgan. Jamg‘armaning birinchi tashqi hamkori Norvegiya bo‘lib, u 2019-yilda taxminan 1,1 million AQSh dollari ajratdi. 2020-yil mart oyida Yevropa Ittifoqi fond loyihalarini moliyalashtirish uchun 5 million yevro ajratdi. Donorlar ro‘yxatiga iyun oyida Finlyandiya qo‘shildi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati jamg‘armaga 3,5 million AQSh dollari o‘tkazgan.

Jamg‘armaning asosiy vazifalari qatorida Orolbo‘yi mintaqasidagi aholi hayoti bilan bog‘liq dolzarb muammolarni, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa jihatlarni hal qilishga muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash kiradi.

Jamg‘arma Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishga O‘zbekiston hukumati, BMT agentliklari va donorlar hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish, mintaqani rivojlantirish uchun texnik va moliyaviy resurslarni safarbar qilish va mintaqani barqaror rivojlantirish uchun yangi bilimlarni, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni jalb qilish orqali kompleks yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq Orolbo‘yi aholisiga biznes ko‘nikmalari o‘rgatilishi hamda Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqida BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgani haqida xabar berilgandi.