AQSh Oziq-ovqatlar va dorilar sifati bo‘yicha boshqarmasi (FDA) 18-dekabr kuni Moderna farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinani mamlakatda qo‘llash uchun ruxsatnoma berdi, deb xabar qiladi boshqarmaga tayanib “Interfaks”.

Foto: Grand Photo

Vaksina 18 va undan katta yoshdagilar uchun ma’qullangan. FDA Moderna tomonidan taqdim etilgan hujjatlar vaksinaning samaradorligini tasdiqlaydi va uning afzalliklari kamchiliklaridan ustun deb hisoblaydi.

“COVID-19’ning oldini olish uchun ikkita vaksinadan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali FDA global pandemiyaga qarshi kurashda yana bir muhim qadam tashladi”, – dedi boshqarma rahbari Stiven Xan.

Vaksinaning samaradorligi ishlab chiquvchi va FDA hisobotiga ko‘ra, 94 foizdan yuqori deb baholangan.

Ilgari FDA ekspertlar guruhi Moderna vaksinasidan favqulodda foydalanishga ruxsat berishni tavsiya qilgandi. Bloomberg xabariga ko‘ra, 20 nafar mutaxassis vaksinani yoqlab chiqishdi, bittasi betaraf qoldi. Hech kim qarshi ovoz bermadi.

Vaksina ikki dozadan iborat. Ikkinchi doza birinchisidan 28 kun o‘tgach qabul qilinadi. Vaksinani, taxminan, -20 daraja haroratda saqlash kerak. Bunday sharoitda u olti oygacha saqlanishi mumkin.

Moderna vaksinasi Qo‘shma Shtatlarning shimoli-sharqidagi ishlab chiqarish korxonalaridan Irving, Texas shtatidagi tarqatish markaziga, so‘ngra kasalxona va dorixonalarga yetkazilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQShda koronavirusga qarshi emlash rasman 14-dekabr kuni boshlandi. Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil oxirigacha Amerika hukumati 40 million kishini emlashni rejalashtirmoqda.

1-dekabr kuni Moderna AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalarining Sanitar nazorati boshqarmasiga (FDA) koronavirus vaksinasidan favqulodda foydalanish uchun ariza yuborganini e’lon qilgandi. Avvalroq uning samaradorligi dastlabki tahlilda 94,1 foiz, kasallikning og‘ir shaklida esa 100 foiz samaradorlik ko‘rsatgani ma’lum qilingandi.

Avvalroq Pfizer va BioNTech tomonidan ishlab chiqilgan vaksina AQShda favqulodda holatlarda foydalanish uchun tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.