Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

29-oktabr kuni sharqshunos olim, turkolog Andrey Kubatin 36 yoshida koronavirus asoratlari tufayli vafot etdi. 2017-yilda u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xiyonat qilish) bilan ayblanib, 5 yilga (apellyatsiyagacha — 11 yilga) ozodlikdan mahrum etilgandi. Ayblov xulosalariga ko‘ra, u chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini topshirgan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bu ish uyushtirilganini ta’kidlagan edi. 2019-yil sentabr oyida olim Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining qarori bilan oqlangan.

Foto: “Gazeta.uz”

Kubatin Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Xitoy tarixi kafedrasida ishlagan. U O‘rta Osiyoning o‘rta asrlar tarixi, turkiy xalqlar tarixi sohasida tadqiqotlar olib borgan, shuningdek, Eron xalqlari tarixi — eronologiya, so‘g‘dologiya fanlarini o‘rgangan. “Fergana.ru”ga bergan intervyusida olim o‘zining asosiy monografiyasi “Turk xoqonligi unvonlari tizimi: genezis va vorislik” ekanligini aytib o‘tgan.

Hali hayotligida u O‘zbekiston harbiy sudiga 560 million so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. 10-dekabr kuni Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova pochta orqali sud qarorini oldi, unga ko‘ra tovon puli 462 ming so‘mni tashkil etadi, shundan 446 ming so‘m davlat boji to‘lovi uchun, 16 ming so‘m pochta xizmati uchun saqlab qolingan. Klara Saxarova sud qarori ustidan apellyatsiya berdi va ma’naviy zarar qoplanishi uchun hujjatlar tayyorlamoqda.

Foto: Andrey Kubatin

“Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Klara Saxarova Andrey Kubatinning ushlanishi va qamoqqa olinishi, qiynoqlar, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishi va jinoiy ishning unga va uning qarindoshlariga keltirgan oqibatlari haqida gapirib berdi.

Nol miqdordagi kompensatsiya

Sudda da’vo qondirilmadi, faqatgina pochta xarajatlari qoplandi. Andrey bilan men 560 million so‘m so‘ragan edik, chunki u qamoqqa olingan paytda o‘rindoshlik asosida ikki joyda ishlagan. Bundan tashqari, u grantlar, shu jumladan, hukumat grantlari bilan shug‘ullangan. U tarjimalar bilan shug‘ullanardi, 40 dan ortiq tillarni bilardi. Repetitor sifatida ishlardi, konsultatsiyalar berardi. Biz buni umumlashtirdik. Yana transport xarajatlarini ham qo‘shdik. Tasavvur qilyapsizmi, ikki yarim yil to‘xtovsiz, har kuni men yuqori turuvchi barcha idoralarga murojaat qildim. Men murojaat qilmagan biror tashkilot qolmadi.

Bundan tashqari, u 15 kun izolyatorda o‘tirgan, biz u yerga hamma narsani, shu jumladan, dori-darmonlar yetkazib turdik, chunki u kaltaklangan va qiynoqqa solingan edi. Toshturmaga ham (dori-darmon, oziq-ovqat, kiyim-kechak, gigiyena vositalari, protez tishlar qurilmasi — tishlar xabar qilinishiga ko‘ra MXX tergov izolyatorida urib sindirilgan) yetkazib berardik.

Sud qarorida hech qanday tushuntirish yo‘q. Ish yopiq tartibda ko‘rib chiqilgani uchun menga ko‘chirma berishdi. Sudga huquq himoyachilari, qo‘llab-quvvatlovchi guruh, advokatlar kelishdi — biz hammamiz sud zaliga kirdik, ammo ular chiqarib yuborildi… menga hatto tahdid qilishdi: “Siz nimalarni yozyapsiz? Bu maxfiy ish”. Ha, bu maxfiy, bahslashmayman, ammo men ma’lumotlarni oshkor etmaslik to‘g‘risida tilxat bermaganman, Andrey ham.

Klara Saxarova va Andrey Kubatin.

Klara Saxarova va Andrey Kubatin.
Foto: “Gazeta.uz”

“Vatanga xiyonat”

2017-yil boshida Andrey Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligiga (TIKA) taklif qilindi, o‘sha paytda agentlikka Sulaymon Kiziltoprak rahbarlik qilgan. Ular ko‘plab tillarda, shu jumladan, turk tilida so‘zlashadigan Andreyni taklif qilishadi va undan O‘zbekistonning tarixiy joylariga sayyohlik qo‘llanmasini tayyorlashni so‘rashadi. Andrey esa ilm-fan bilan shug‘ullanishini va hatto biz uchun ham bo‘sh vaqti yo‘qligini aytadi. U bu vazifani agentlik xodimi Muzaffar Joniyev bajargani yaxshiroq ekanligini, o‘zi esa 10 yil davomida to‘plagan o‘z kutubxonasidan foydalanishlariga qo‘yib berishini aytadi. Kutubxonadan hamma foydalanishi mumkin edi, u kitoblarni hammaga tarqatardi. Kutubxona elektron shaklda edi, u 15 mingta kitobning barchasini uyda saqlolmasdiku.

Andrey unga namuna sifatida qo‘llanma berishini, keyin esa o‘zi tekshirishini aytadi. Ular shunga kelishishdi. Bir hafta o‘tdi. Joniyev ukamdan kitoblarni berishini iltimos qilib, holi-joniga qo‘ymadi. Andrey kitoblarni xard (qattiq) diskka ko‘chirdi. 25-mart kuni Muzaffar uni kitoblarni berishga ko‘ndirdi. Andrey Sharqshunoslik institutidan chiqib, Muzaffar bilan svetofor yonida uchrashdi va unga kitoblarning elektron nusxalarini topshirdi. U Andreyga “Maksim Gorkiy”gacha olib borishni taklif qildi va u yerdan esa o‘zi uygacha yetib oladi. Andrey rozi bo‘ladi.

“Botkin” burilishida ularning yo‘lini oq Cobalt kesib o‘tadi, mashinada tergovchi Doniyor Abdullayev va yana bir yigit bo‘lgan. Ular Andreyni Muzaffarning mashinasidan chiqarib, Cobalt’ga o‘tirg‘izishadi, uni do‘pposlay boshlaydilar. Andrey tabiiy ravishda qarshilik ko‘rsatadi. U Mirzo Ulug‘bek TIIBga olib kelingan va boshqa familiya bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. U qo‘ng‘iroq qildi va MXX tergovchilari nazorati ostida, bizga hali ishlayotganini va kechqurun bo‘shashini aytdi. Men bu yerda bir gap borligini gumon qildim. Keyinroq uni sudga olib ketishayotganini xabar berdi. Bo‘ysunmaslik moddasi bilan rasmiylashtirilib, “Panelniy”da (Toshkentdagi Panelniy massividagi vaqtincha saqlash markazi — tahr.) 15 sutka ushlab turishdi.

Har kuni u yerga kelib, yigitlardan uning ahvoli haqida surishtirib turdik. 3—4 kundan keyin bizga dori-darmonlar — antibiotiklar, malhamlar olib kelish kerakligini aytishdi. Keyin bilsam, uni tepishgan, qisqasi barcha jinsiy a’zolari zarblangan.

15 sutkadan keyin biz uni uyga olib ketolmadik. Andreyni qora Lacetti’ga solishdi va “Gvardeyskaya”ga (DXX tergov izolyatori — tahr.) olib ketishdi. Va shu yerdan bizning azoblarimiz boshlandi. U yerda ular uni “yumshoq” kameraga joylashtirishgan (mahbus o‘ziga zarar yetkazmasligi uchun), kaltaklashgan. Keyin uni umumiy kameraga yuborishgan, u yerda “lohmach” (kamera sardorlari) Viktor Petrovich Kunayev yoki Kulayev bor edi. U uni yurak sohasiga qattiq urgan. Andrey uning bo‘yi 2 metrdan balandroq, ulkan odam, aqli ham joyida emas deb ta’riflagandi… Yurak sohasida qontalash jarohatlar paydo bo‘ldi, shifokorlar buni tasdiqlashdi, lekin bu narsa hech qayerda ko‘rsatilmadi. Viktor har kecha uni bo‘g‘ishga uringan. Ana shu tarzda Andrey u yerda besh oyni o‘tkazdi.

U do‘mboqqina, vazni 105 kilo edi. Biz uni bir marta “Gvardeyskaya”da, besh oydan keyin esa Toshturmada ko‘rdik. 105 kilolik vazn yo‘q edi, 70—73 kg vaznli insonni ko‘rib turardik. Ikkita choponga o‘ranib olgan, butun bo‘yin va boshida yaralar bor edi. U boshini ko‘tarmasdi, ko‘z yoshlari oqardi, gapirolmasdi. Ular uning oldiga kelib, meni mashina urib ketishini, xotinini zo‘rlashlarini, bolasini o‘g‘irlashlarini va opang nima qilishidan qat’i nazar, biz qancha desak, shu muddatga ‘kesilasan’ deb qo‘rqitishgan. Buni Aziz qilgan, ehtimol bu taxallusdir. Garchi ish sudga topshirilgan bo‘lsa ham, uni u yerga qo‘yishga haqlari bo‘lmasa ham, Aziz “Gvardeyskaya”ga ham kelgan, Toshturmaning yerto‘lasiga ham tushgan.

2017-yil 1-dekabrda unga 11 yil berildi. U yerda sudya Umid Shokirov edi. Hammasi kelishilgandi. Maslahat xonasi o‘rniga u to‘rtta stol tennisi joylashgan koridorga chiqdi. Keyin dunyo hamjamiyati, OAV qo‘shildi.

Bizda xususiy advokat — Xurshid To‘lboboyev bor edi. Ammo ukam “Gvardeyskaya” bo‘lganida, u yerda advokat Shahzod edi… Bizga o‘z advokatlarimizni yollashga ruxsat berishmadi. U go‘yoki ukamning oldiga borib turgan, lekin Andrey uning faqat ikki marta kelganini aytdi. Ukam kaltaklanganini aytganda, u hech qanday harakat qilmadi. U shunchaki kelgan, hujjatlarni imzolagan va ketgan. Va hatto o‘sha paytda u buning uchun bizdan pul olgan.

Shaxzod bizga 5 yil berilsa, xursand bo‘lishimizni aytdi. Va har doim u bizni “Yozmanglar, hech narsa qilmanglar, hech kimni o‘rtaga solmanglar” deb qo‘rqitardi. Biz bunday ishlarga hech qachon to‘qnash kelmaganmiz, nimadir qilishdan qo‘rqardik. Adolat bor deb o‘ylardik. Ilgari men ahmoqligimdan shunday deb o‘ylar edim, ular buni tagiga yetishadi deb o‘ylardim. Yetishdi — 11 yil.

Shundan so‘ng biz barcha yuqori turuvchi idoralarga murojaat qildik, shovqin-suron ko‘tarib, ularga yetib borishi uchun “ayuhannos” sola boshladik.

Reabilitatsiya

Andrey Kubatin reabilitatsiya to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng.

Andrey Kubatin reabilitatsiya to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng.
Foto: “Gazeta.uz”

Xalqaro hamjamiyat, huquq himoyachilari aralashganidan so‘ng uning muddati 5 yilga qisqartirildi. Hammasi shu yerda to‘xtaydi deb o‘yladik. Bir oy davomida hech bir harakat qilmadik. Shu yerda mening sabrim tugadi, videomurojaat qila boshladim, norozilik bildirishni boshladim, ochlik e’lon qildim. Rostini aytsam, avval maydonda o‘zimni yoqib yubormoqchi edim. Men bu haqida hamma joyda rasman e’lon qildim. Menga qo‘ng‘iroq qilib, “Buning senga nima keragi bor? Sening kichkina bolalaring, kasal onang bor” deya fikrimdan qaytarishga urinishardi. Va men ochlik e’lon qilishga qaror qildim.

Keyin men ommaviy ravishda prokurorga murojaat qildim. Meni Murodov (sobiq bosh prokuror Otabek Murodov — tahr.) o‘z kabinetiga chaqirib, 20-bo‘limga ishni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. U shunday dedi: “U yerda josuslik yo‘q. Nima qilyapsizlar o‘zi? Qayta ko‘rib chiqing”.

Men har kuni yoki harbiy prokuratura, yoki Bosh prokuratura, Ombudsman, Senat, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Prezident devoni, xalq qabulxonalariga borardim. 2,5 yil davomida men uyda bir kun ham o‘tirmadim, faqat dam olish kunlaridan tashqari — qabul kunlari emasdi. Oxiri yo‘q safarlar. Ertalab ketaman, kechqurun kelaman. U ozodlikka chiqqunga qadar shu tarzda davom etdi.

U “kolonka”da bo‘lganida (koloniya — tahr.) biz uning oldiga har shanba va yakshanba kunlari kelardik, u bizning ta’minotimizda edi. Bir haftalik to‘liq bozorlik qilardik. Ko‘rpa-ko‘rpacha, yostiqlar olib bordik. Unga 5 yil berilganida, u muddatning uchdan bir qismini o‘tadi, keyin “kolonna” va “qo‘ng‘iroq”. Agar biz jarayonni yutmaganimizda, u besh yil davomida “kolonna”da bo‘lgan bo‘lar edi. U to‘qqiz oy davomida u yerda edi, shundan besh oyi biz har hafta Toshkent viloyati sudiga murojaat qildik.

Keyin Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi (reabilitatsiya qilish uchun asoslar/jinoyat tarkibining yetishmasligi)ni qo‘llagan holda, u oqlandi.

Oqibatlar

Andrey Kubatin onasi Alevtina Konstantinovna bilan.

Andrey Kubatin onasi Alevtina Konstantinovna bilan.
Foto: “Gazeta.uz”

Chiqqandan so‘ng u bir oy davomida o‘ziga keldi. Ammo keyinroq onam saraton kasalligiga chalinganligi ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, biz, hatto o‘zimizga kelishga ulgurmasdan onamizning hayoti uchun kurashishni boshladik. Unda sarkoma bor edi. U operatsiya qilindi. Keyin Andrey bilan shunday baxtsizlik.

Andrey yagona umid edi. U onamizga g‘amxo‘rlik qilardi, uni ta’minlayotgan edi. Ammo uni qamoqqa olishganida, ularning bir xonali uylarini sotishga to‘g‘ri keldi. Va biz hamma pulni yo‘lga, oziq-ovqatga, davolatishga sarfladik.

Uning reabilitatsiyasidan keyin biz aybdorlarni jazolashlari uchun sudga murojaat qilmoqchi edik. Biroq 20 kundan kam vaqt ichida onamdagi kasallikni aniqladik. O‘shanda esa bu ko‘ngilga sig‘madi. O‘g‘limning uch xonali kvartirasi bor edi, kelinim oyim bilan yashashlari uchun Andrey chiqishidan ham oldinroq uyni qayta rasmiylashtirib bergandim. Ammo bu beton uy, onam kasal bo‘la boshladi. Biz bu uyda turishlarini xohlagan edik, lekin bunday bo‘lishini bilmagandik.

Men onamni uyimga olib keldim. Menda ham kolxoz. Hali chiroq o‘chsa, hali gaz yo‘q. Bir ilojini qilib, kunimizni ko‘ramiz. Uyim “snos”ga tushgan, bu yog‘iga nima bo‘ladi, bilmadim.

Zangiota

Nima uchun bularni batafsil bilaman. Ukam menga hammasini aytib bergan, o‘limidan oldin ham qo‘shimcha aytib berdi. Uning o‘limi esa juda g‘alati. Bunda kimningdir qo‘li borligi, albatta, mening shaxsiy fikrim. Ha, (buni isbotlash qiyin). Unda COVID-19 tasdiqlandi, ammo menda o‘pkaning 5—10 foizi zararlangani to‘g‘risida MSKT bor. Biz uni Zangiotaga olib keldik. Uchinchi kuni u o‘zini yomon his qildi, zararlanish 50 foizdan oshdi. Janjaldan keyin u reanimatsiyaga o‘tkazildi. Biz qimmatbaho dorilarni sotib oldik. Gap pulda emas, yordam berganida edi…

U tuzala boshladi, 20-oktabrgacha hammasi yaxshi edi. U ikki kundan keyin niqobi olib tashlanishini aytdi. 20-kuni esa tungi smena o‘zgardi. O‘sha kundan boshlab uning sog‘lig‘i yomonlasha boshladi, yomonlashaverdi, yomonlashaverdi. Shifokorlardan uning o‘lishi muqarrarligidan tashqari hech nima eshitmadik. 27-oktabr kuni men kun bo‘yi u yerda edim. Ular menga kostyum berishdi, yarim soatga ruxsat berishib, unutishdi. Kechgacha u bilan birga bo‘ldim va undan ko‘p ma’lumot oldim. U gapirardi. Ketishdan oldin dori berish uchun jovonchani ochdim. Barcha dorilar ishlatilmagan holda yotardi. Ular unga birgina tramadolni suyuq holda berishgan, chunki unda vahima xuruji bo‘lgan.

Apellyatsiya

Men sud qarori ustidan shikoyat qilaman (moddiy zarar bo‘yicha). Endi buni qilishga majburman. Uning bolasi yetim qoldi. Uni katta qilish kerak, oyoqqa turg‘azish kerak. Men to‘rt kun oldin harbiy sudga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildim. Ertaga men ma’naviy zarar uchun ham hujjatlar to‘plamini tayyorlayman.

Men to‘xtamayman. Ukamni qamatgan odamlar javob berishlari kerak. Bugun ular buni mening ukamga, ertaga boshqasiga qilishadi. Birovning onasi yig‘lashini, kimningdir xotini beva qolishini, bolalari yetim bo‘lishini istamayman.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 175 kishining pasportiga IMEI kodlari noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Mahalliy
Vazirlikning 8 mlrdga tushgan sayti, qashqadaryolik ota-o‘g‘ilning Toshkentni “lol qoldirgan” qilmishi: “Daryo”da hafta dayjesti
Mahalliy
Uy-ro‘zg‘or ishlari ayollarning iqtisodiy faolligini tushiradi: O‘zbek ayolining martabaga erishish imkoniyatlari tahlil qilindi