Rossiyaning “Vektor” ilmiy markazi tomonidan yaratilgan “EpiVakKorona” vaksinasi foydalanish uchun tayyor. Bu haqda “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.
Popovaning ma’lum qilishicha, vaksina Moskva, Sankt-Peterburg, Tula, Novosibirsk, Rostov-Donga yetkazib berilgan.
“Rospotrebnadzor” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur hududlarning tanlanishiga ayni paytda Rostov, Tula, Novosibirsk viloyatlaridagi epidemiologik vaziyat markaziy shaharlardan tashqarida jiddiy tus olmoqda. Uning qayd etishicha, “EpiVakKorona” Selsiy shkalasi bo‘yicha 2-8 daraja iliqda saqlanishi mumkin, bu esa uni uzoq aholi punktlariga yetkazib berishga imkon beradi.
Popovaning ta’kidlashicha, birinchi navbatda uzoq aholi punktlarida o‘qituvchilar, feldsherlar va shifokorlar emlanishi kerak.
2020-yilning oxirigacha “EpiVakKorona”ning 50 mingta dozasini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Shundan besh ming dozasi sinovlar o‘tkazish uchun jo‘natiladi, qolgani esa iste’molda foydalanish uchun yo‘naltiriladi. Vaksinani ommaviy ishlab chiqarish 2021-yilning boshiga rejalashtirilgan.
Dekabr oyining boshida Rossiyada COVID-19’ga qarshi ommaviy emlash boshlangani ma’lum qilindi. Moskvada 5-dekabrdan emlash ma’lum toifadagi aholi vakillari uchun boshlandi. Vaksinatsiya uchun “Sputnik V” vaksinasidan foydalanilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Rossiyaning “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan “EpiVakKorona” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgandi.