Airbnb uy-joy ijara servisi aksiyalari narxi IPO’ning birinchi kunidayoq NASDAQ birjasida 142,6 foizga, ya’ni 165 dollargacha ko‘tarilib ketdi. Kompaniyaning bozor qiymati 109 milliard dollardan oshib ketgan, deb xabar beradi “RBK”.
Kompaniya 9-dekabr kuni IPO o‘tkazgan. Listing davomida Airbnb tashkilotchilar tomonidan qo‘shimcha aksiyalar xaridini hisobga olmaganda, 3,4 milliard dollarga yaqin mablag‘ jalb etgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, listingdan so‘ng kompaniya qiymati 47 milliard dollarni tashkil etgan.
Kompaniya qimmatli qog‘ozlarining savdolari ABNB tikeri ostida amalga oshiriladi.
IPO Airbnb tashkilotchilari sifatida Morgan Stanley, Goldman Sachs, Barclays, Citigroup va boshqa banklar ishtirok etgan. 30 kun davomida ular qo‘shimcha 5 millionta aksiyani IPO’dagi narxdan chegirma asosida xarid qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bir necha hafta avval servis o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qilgan edi: joriy yilning birinchi uch choragida 696,9 million hajmida sof zarar ko‘rgan, daromad 32 foizga kamayib, 2,52 milliard dollarni tashkil qilgan, ammo uchinchi chorakni kompaniya foyda bilan yakunlagan. IPO o‘tkazish rejalari haqida Airbnb o‘tgan yiliyoq gapirishni boshlagan edi, ammo aksiyalarini birjaga joylashtirishga COVID-19 pandemiyasi xalaqit berdi.
Mavzuga doir: Airbnb IPO’da 42 mlrd dollarga baholanadi