Rossiyada hayvonlar uchun COVID-19’ga qarshi vaksina 2021-yil yanvar oyining oxirida tayyor bo‘ladi. “Interfaks”ning xabar berishicha, bu haqda “Rosselxoznadzor” rahbari Sergey Dankvert “Veterinariya va hayot” nashriga ma’lum qildi.
“Shundan so‘ng, ro‘yxatdan o‘tish uchun vaqt kerak bo‘ladi. ‘Rosselxoznadzor’ hayvonlar uchun ushbu immunobiologik preparatni ko‘p miqdorda ishlab chiqarishga tayyor”, — degan Dankvert.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rosselxoznadzor”ga Rossiya darrandachilik tarmoqlari hayvonlar uchun vaksina so‘rab muntazam ravishda murojaat qiladi. Chunki qorako‘zanlar yangi virusga chalinishga moyilroq bo‘lib, bir
-birlariga ham virus yuqtirishi mumkin.
Qayd etilishicha, Rossiya darrandachilik xo‘jaliklarida 97,2 mingta qorako‘zan, 50,9 mingta suvsar va 6,9 mingta xorkalar bor.
Bundan tashqari, “Rosselxoznadzor”ga AQSh, Yevropa Ittifoqi va Singapurdan vaksinani sotib olish to‘g‘risida norasmiy so‘rovlar kelib tushgan.
Ayni paytda vaksina uchinchi bosqichda sinovdan o‘tkazilmoqda. Yangi preparat qorako‘zan, mushuklar va kemiruvchilarda sinovdan o‘tkaziladi.
Avvalroq Stenford universiteti olimlari guruhi cho‘chqa, kalamush, qushlarning koronavirusga chalinish ehtimoli past va ularda virusga qarshi immunitet mavjudligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Mavzuga doir:
- Litvadagi fermada koronavirus tarqalgani sababli 40 mingta qorako‘zan yo‘q qilinadi
- Daniyadagi fermalarda koronavirus bilan kasallangan barcha qorako‘zanlar o‘ldirildi. Buning ortidan Daniya qishloq xo‘jaligi vaziri iste’foga chiqdi
- Irlandiya hukumati Daniya tajribasidan keyin barcha qorako‘zanlarni yo‘q qilishni tavsiya etdi