Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrining “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bir qator masalalar yuzasidan o‘z noroziliklarini bildirib, shaharning O‘zbekiston ko‘chasi va Bobur shohko‘chasi kesishmasidagi yo‘lning qatnov qismini to‘sishga urinayotgani aks etgan videolar tarqaldi. “Kun.uz”ning xabar berishicha, voqea 10-dekabr kuni kech soat 19:20 atrofida yuz bergan.

Nashrning yozishicha, voqea joyiga viloyat hokimi o‘rinbosari Ibrohimjon Xolmatov, Andijon shahri hokimi Bahromjon Haydarov, sektor rahbarlari, “Hududgaz Andijon” mutasaddilari yetib borgan. Aholi bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning shikoyatlari tinglangan.

“Hududgaz” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Akramjon Mirzahmatovning ma’lum qilishicha, fuqarolarning gaz ta’minoti bilan bog‘liq savollariga oydinlik kiritish maqsadida “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali va “Andijonshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari o‘rganish olib bordi.

“Ta’kidlash joizki, shu kunlarda Andijon viloyatidagi aholi punktlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda bosimning keskin pasayishi kuzatilmoqda. “O‘ztransgaz” AJ tomonidan taqdim etilgan faksogramma ma’lumotiga ko‘ra, ‘Yangiyer’ kompressor stansiyasida avariya holatlari yuzaga kelgani sababli Farg‘ona vodiysiga gaz keltiruvchi magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilgan.

Shunga ko‘ra, Andijon viloyati, xususan Andijon shahrining ‘Hamdo‘stlik’ MFY hududida ham gaz ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan”, — dedi Akramjon Mirzahmatov.

Bosh muhandisning qo‘shimcha qilishicha, “Ko‘makay” gaz taqsimlash shoxobchasidagi “Andijon-1” tarmog‘ining tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurlarida tabiiy gaz bosimi pasayishi natijasida 1,5 mingdan ziyod aholi xonadonlarining gaz ta’minotida ham qiyinchiliklar vujudga kelgan.

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda aholi punktlaridagi gaz ta’minotini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Buxoro viloyatining Buxoro va Qorako‘l tumanlarida aholi gaz bilan bog‘liq muammolardan norozi bo‘lib yo‘llarni to‘sgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Mahalliy
Qamchiq dovonida neft mahsuloti ortilgan maxsus yuk mashinasi ag‘darilib ketdi
Mahalliy
O‘zbekistonda 22-mart kuni qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi