O‘zbekistonning Yadro tadqiqotlari birlashgan institutiga (YaTBI) to‘laqonli a’zoligi 2021-yil 1-yanvardan tiklanadi. Bu qaror 23-noyabr kuni o‘tkazilgan Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti (YaTBI, Dubna, Rossiya) a’zo davlatlari muxtor vakillar qo‘mitasining yillik sessiyasida qabul qilingan. Bu haqda Fanlar Akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
2015-yilda mamlakatning institutga to‘laqonli a’zoligi uning oldidagi qarzlari sabab to‘xtatilgan edi. Ayni vaqtda qarzning 60 foizdan ortig‘i qoplangan. Qolgan qismi 20 yil davomida to‘lanadi.
Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti – bu yirik xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, u 1956-yilning martida 11 ta ishtirokchi davlat tomonidan yaratilgan va 1957-yilning 1-fevralida BMTda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘zbekiston 1992-yildan buyon YaTBI a’zosi hisoblanadi.
Hozirda Yadro tadqiqotlari birlashgan institutiga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Bolgariya, Vyetnam, Gruziya, Qozog‘iston, KXDR, Kuba, Moldova, Mo‘g‘uliston, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Slovakiya, O‘zbekiston, Ukraina, Chexiya — 18 ta davlat ta’sischi-a’zo bo‘lgan.
O‘zbekistonning YaTBIga to‘laqonli a’zoligi mahalliy mutaxassislarning yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etishini ta’minlaydi hamda yadro texnologiyalari, yadroviy tibbiyot, axborot texnologiyalari va materialshunoslik yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashda keng imkoniyatlar yaratadi.