Navoiy viloyati IIB Tergov bo‘limiga “Navoiy Avto Savdo” o‘zining Telegram guruhi orqali aksiya o‘tkazib, pullik yutuqlarni o‘z egalariga o‘tkazib berishni va’da qilib plastik kartalardagi pullarni asossiz yechib olganini aytib bir necha fuqaro shikoyat arizalari bilan murojaat qilgan.

Kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish asnosida viloyat IIB TB tezkor xodimlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, tergov hujjatlarida ismi sharifi keltirilgan 25 yoshli fuqaro H.Sh. Telegram messenjerida avtomobil savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning nomidan foydalanib avtomashina sotib olmoqchi bo‘lgan 20 dan ortiq fuqaroni chuv tushirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qariyb 20 million so‘mga yaqin mablag‘larni o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborgan shaxs dastlab, o‘zini “Navoiy Avto Savdo” MChJning xodimi deb tanishtirib, Telegram’dagi guruhida mavjud foydalanuvchilarga sms xabarnomalari jo‘natish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, kompaniya tomonidan aksiya bo‘layotganligini, unda g‘olib bo‘lganlarga 300 000 so‘mdan 1 700 000 so‘mgacha bo‘lgan pul yutuqlari faqatgina plastik kartalarga o‘tkazib berilishini aytadi.

Mijozlarga tegishli bo‘lgan plastik karta ma’lumotlarini va sir saqlanishi kerak bo‘lgan maxfiy kodlarni qo‘lga kiritgach katta miqdordagi pul mablag‘larini yechib oladi.

Tezkor surishtiruvlarda ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs asli Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro H.Sh. bo‘lib, Buxoro viloyati hududida ekanligi aniqlandi va Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Navoiy, Zarafshon shahri hamda Buxoro viloyati IIB TB tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyoj chorasi ko‘rilgan.

Avvalroq Gulistonda fuqarolarga 1100 dollar evaziga C va E toifadagi haydovchilik guvohnomalarini olib berishni va’da qilgan shaxs, Buxoroda yer maydoni ajratish evaziga tadbirkordan 22,5 ming dollar pora olgan shaxslar hamda transformator o‘rnatib berish evaziga 3800 dollar so‘ragan “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” xodimi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.