Maradona professional futboldagi so‘nggi rasmiy o‘yinini 1997-yilning 25-oktabrida o‘tkazgandi. Roppa-rosa 23 yil-u 1 oy vaqt o‘tgach, afsona bu dunyo bilan ham xayrlashdi.

Foto: “Sports.ru”

Uning so‘nggi o‘yini ham oddiy bo‘lmadi. “Boka Xuniors” Buenos-Ayresning “qonli derbi”sida “River Pleyt”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgandi. Diyego o‘sha o‘yinning ikkinchi bo‘limida jarohat oladi va o‘z o‘rnini Xuan Roman Rikelmega bo‘shatib beradi. Besh kundan keyin daho faoliyatini yakunlaganini ma’lum qiladi.

Biroq ushbu material marhumning so‘nggi rasmiy o‘yini haqida emas, balki, xayrlashuv uchrashuvi haqida bo‘ladi.

Butsalarini mixga ilgan Maradona o‘zini boshqa yo‘nalishlarda sinab ko‘rdi: JCh—1998 da sharhlovchilik qildi, sportga oid dasturlarda ekspertlik bilan shug‘ullandi, kitob yozdi, Liviya terma jamoasiga maslahatchi bo‘ldi.

Va, albatta, turli mojarolarga o‘ralashib ham yurdi. 1999-yilning boshida Maradona “Boka” muxlislariga odobsiz qo‘l harakatini ko‘rsatgan “Rasing” futbolchisi Diyego Latorreni kaltaklashga va’da berdi, o‘sha yili Kubada narkotik moddalarga moyillikdan davolandi, 2000-yilning yanvarida esa gipertonik krizis va yurak aritmiyasi sabab Urugvaydagi shifoxonaga yotdi. Uning qonidan narkotik moddasi topildi, natijada Diyego Urugvay sudi oldida javob berdi. Jazodan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lgan Mardona yana Kubaga jo‘nab ketdi va o‘sha yerdagi yopiq klinikada davolandi.

Foto: “Sports.ru”

2001-yilning 10-noyabrida esa futbol olami bir necha yil intizorlik bilan kutgan voqea sodir bo‘ldi — Buenos-Ayresda Diyego Maradonaning xayrlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘sha kuni tomoshabinlar bilan liq to‘lgan “La Bombonera” stadionida Argentina terma jamoasi Jahon terma jamoasini 6:3 hisobida mag‘lub etdi. Kun qahramonining o‘zi har bir jamoa safida bir bo‘limdan harakat qildi. Jahon terma jamoasi safida Lotar Matteus, Xristo Stoichkov, Erik Kantona, Davor Shuker va Rene Igita kabi afsonalar harakat qilgandi.

Foto: “Sports.ru”

Avvalgi jismoniy formasidan asar ham qolmagan Diyego uchrashuvda ikkita penaltini aniq amalga oshirgan holda dublga erishdi. Uning 30 metr masofadan yo‘llagan zarbasini esa Igita qaytarishga erishdi. Ha, Rene bu ishni “chayon” uslubida amalga oshirgandi.

O‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa qolganda “Boka” muxlislari pirotexnika vositalarini yoqa boshladi va o‘z kumirini ismini aytib hayqirardi. Maradona hissiyotlarini jilovlay olmadi: u yig‘lab yubordi, uchrashuv ishtirokchilari uni yelkalarida ko‘targan holda, olqishlar qurshovida kiyinish xonasiga kuzatib qo‘yadi.

O‘sha vaqtda butun stadion yig‘lardi, o‘z afsonasini kuzatib yig‘lardi.

Foto: “Sports.ru”

Foto: “Sports.ru”

20 daqiqa o‘tgach Diyego maydonga qaytdi va xayrlashuv xatini o‘qib eshittirdi:

“Men xato qildim va bunga yarasha jazo oldim. To‘pni bulg‘ash mumkin emas! Men bu o‘yinni shu qadar uzoq vaqt kutdim. Mana u ham tugadi. Qizim va otam nomidan barchangizga minnatdorchilik bildiraman...”. Shu gaplardan keyin Maradona yana yig‘lab yubordi.

Butun stadion qo‘shiq kuylagan vaqtda bolalar ham ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi. Maradona muxlislarga jo‘r bo‘lib qo‘shiq kuyladi.

Foto: “Sports.ru”

Argentina o‘z qahramonini shu tariqa kuzatgandi.

Bugun esa butun dunyo argentinalik daho bilan vidolashdi. Xayr, Qirol! Alvido, futbol etaloni!

Manba

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!