Argentinalik afsonaviy futbolchi Diyego Maradona 60 yoshida hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qilmoqda Argentina futbol assotsiatsiyasi.

Foto: Twitter

Clarin nashrining xabariga ko‘ra, Maradonaning o‘limiga yurakning bexosdan to‘xtab qolgani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida Maradonaning miyasidagi gematoma sabab operatsiya qilingandi. 11-noyabr kuni sobiq futbolchi shifoxonani tark etgan. Shundan keyin Maradona alkogolga moyillikdan davolanish uchun klinikaga olib borilgan.

Sobiq futbolchi San-Andresdagi uyida vafot etgan.

Maradona — 1960-yilning 30-oktabrida Argentinaning Lanus shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati mobaynida “Argentinos Xuniors”, “Boka Xuniors”, “Barselona”, “Napoli” va “Sevilya” kabi nomdor klublarda to‘p surgan. Argentina terma jamoasi bilan 1986-yilgi Jahon Chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan. “Napoli” safida esa ikki bor Italiya chempioni bo‘lgan.

Maradona murabbiylik faoliyati mobaynida “Rasing”, “Al-Vasl”, “Al-Fujayra” va “Dorados” kabi klublarda, shuningdek, 2008—2010-yillar mobaynida Argentina terma jamoasida ishlagan. Uning so‘nggi jamoasi “Ximnasiya La-Plata” klubi edi, mutaxassis 2019-yildan buyon o‘sha yerda faoliyat yuritayotgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!