Argentinalik afsonaviy futbolchi Diyego Maradona 60 yoshida hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qilmoqda Argentina futbol assotsiatsiyasi.
Clarin nashrining xabariga ko‘ra, Maradonaning o‘limiga yurakning bexosdan to‘xtab qolgani sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida Maradonaning miyasidagi gematoma sabab operatsiya qilingandi. 11-noyabr kuni sobiq futbolchi shifoxonani tark etgan. Shundan keyin Maradona alkogolga moyillikdan davolanish uchun klinikaga olib borilgan.
Sobiq futbolchi San-Andresdagi uyida vafot etgan.
Maradona — 1960-yilning 30-oktabrida Argentinaning Lanus shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati mobaynida “Argentinos Xuniors”, “Boka Xuniors”, “Barselona”, “Napoli” va “Sevilya” kabi nomdor klublarda to‘p surgan. Argentina terma jamoasi bilan 1986-yilgi Jahon Chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan. “Napoli” safida esa ikki bor Italiya chempioni bo‘lgan.
Maradona murabbiylik faoliyati mobaynida “Rasing”, “Al-Vasl”, “Al-Fujayra” va “Dorados” kabi klublarda, shuningdek, 2008—2010-yillar mobaynida Argentina terma jamoasida ishlagan. Uning so‘nggi jamoasi “Ximnasiya La-Plata” klubi edi, mutaxassis 2019-yildan buyon o‘sha yerda faoliyat yuritayotgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)