Turkiya Ozarbayjonga o‘z qo‘shinlarini yuborishni boshlaydi, deya xabar bermoqda Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akarga tayanib “Interfaks”.

Foto: Anadolu

“Yaqin kelajakda turkiyalik harbiylar Ozarbayjonga jo‘nab ketadi. Turkiya qurolli kuchlarining quruqlikdagi kuchlari mashg‘ulotlarini yakunladi”, – deb vazirning so‘zlarini keltirgan Anadolu agentligi.

Noyabr oyida mamlakat parlamenti Turkiya harbiylarini Ozarbayjonga jo‘natishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

Ushbu harbiy xizmatchilar Rossiya bilan birgalikda tuzilayotgan Tog‘li Qorabog‘ mojarosi zonasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha markaz ishiga jalb etilishi taxmin qilinmoqda. Mandat muddati bir yil etib belgilangan.

Ozarbayjon hududiga Turkiya qurolli kuchlarini yuborish haqidagi memorandum loyihasi 16-noyabr kuni ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Hujjatga ko‘ra, harbiylar bir yil mobaynida Boku va Yerevan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishi ustidan nazorat olib boradi.

Hukumatning qayd etishicha, nizo hududiga harbiylarni jo‘natish Turkiya milliy manfaatlariga muvofiq keladi.

Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tinchlikparvarlari Tog‘li Qorabog‘ hududiga kirmaydi. Turkiya faqatgina Ozarbayjon hududida turib vaziyatni kuzatadi, deya aniqlik kiritgandi Lavrov.