Turkiya parlamenti mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Ozarbayjonga qo‘shinlarni yuborish to‘g‘risidagi farmonini ma’qulladi, deb yozadi “RBK” Turkiyaning NTV telekanaliga tayanib.

Foto: AP Photo

Davlat rahbarining taklifini hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi, shuningdek, Xalq respublika partiyasi, “Yaxshi partiya” va Milliy birdamlik partiyasi deputatlari qo‘llab-quvvatladi.

Ozarbayjon hududiga Turkiya qurolli kuchlarini yuborish haqidagi memorandum loyihasi 16-noyabr kuni ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Hujjatga ko‘ra, harbiylar bir yil mobaynida Boku va Yerevan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishi ustidan nazorat olib boradi.

Hukumat qayd etishicha, nizo hududiga harbiylarni jo‘natish Turkiya milliy manfaatlariga muvofiq keladi.

Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tinchlikparvarlari Tog‘li Qorabog‘ hududiga kirmaydi. Turkiya faqatgina Ozarbayjon hududida turib vaziyatni kuzatadi, deya aniqlik kiritdi Lavrov.

Turkiyalik kuzatuvchilarning Boku va Yerevan o‘rtasidagi nizoni tartibga solishdagi ishtiroki haqida birinchi marta Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev gapirgan edi. Harbiy harakatlarni to‘xtatish haqida bitim imzolanganidan keyin darhol u Rossiya va Turkiya Tog‘li Qorabog‘da qo‘shma tinchlikparvarlik missiyasini olib borishini ma’lum qildi.

O‘shanda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov uning gaplarini rad etib, Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari imzolagan shartnomada turkiyalik tinchlikparvarlar haqida hech narsa aytilmaganini ma’lum qildi.

Keyinroq Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbat chog‘ida nizo hududiga tinchlikparvarlik missiyasini yuborish niyati haqida shaxsan ma’lum qildi. Shu munosabat bilan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo va Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Rossiya tomonidan Tog‘li Qorabog‘dagi nizoni tartibga solishda Turkiyaning rolini tushuntirib berishni so‘radi. O‘shanda Peskov YeXHTning Minsk guruhi raisdoshlari uchun zarur bo‘lgan izohlar taqdim etiladi, deya javob bergan edi.

Sentabr oxiridan buyon Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etib kelayotgan edi. Boku va Yerevan harbiy holat e’lon qildi va bir-birini tinch aholi vakillariga hujumlarda aybladi. O‘t ochishlar oqibatida harbiy xizmatchilar ham, tinch aholi ham qurbon bo‘ldi.

Rossiya ishtirokidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, nizo tomonlari o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. 10-noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Boku va Yerevan egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtab, Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan, strategik jihatdan muhim Shusha shahri Ozarbayjonga o‘tadi. Shartlarda aytilishicha, Armaniston 20-noyabrgacha Agdam va Kalbajar tumanlarini, 1-dekabrga qadar Lachinni Ozarbayjonga qaytarishi kerak edi. Shuningdek, kelishuv mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritishni nazarda tutadi. Nizoni tartibga solishda boshqa mamlakatlardan tinchlikparvar kuchlarning ishtirokini o‘sha vaqtda Moskva rad etgan edi.