Turkiya parlamentiga Ozarbayjonga harbiylarni yuborish haqidagi buyruq loyihasi kiritildi, deya xabar bermoqda “RBK”.

Foto: Reuters

Hujjat matnida aytilishicha, mamlakatga harbiylarni jo‘natish Ozarbayjonning iltimosida hamda Rossiya bilan Tog‘li Qorabog‘da tinchlikka rioya qilinishi ustidan monitoring bo‘yicha hamkorlikda markaz yaratish haqidagi kelishuvda ko‘zda tutilgan.

“Markazda harbiy xizmatchilar, zaruriyat bo‘lganda esa harbiy bo‘lmagan mutaxassislar faoliyat olib boradi. Markaz faoliyati Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini ta’minlash choralari nuqtayi nazaridan Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratiladi, bu BMT Xavfsizlik Kengashi va YeXHTning tegishli rezolyutsiyalarida ham o‘z aksini topgan”, — deyiladi hujjatda.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, Ozarbayjonga turkiyalik harbiylarni yuborish “Turkiya milliy manfaatlariga muvofiq keladi”.

Tinchlikparvarlik markazining qayerda joylashishini Ozarbayjon hal qiladi, harbiylarning soni, ularning missiyasi doirasi va u yerda bo‘lib turish muddatini esa Turkiya prezidenti ma’muriyati belgilaydi.

Sentabr oxiridan buyon Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etib kelayotgan edi. Boku va Yerevan harbiy holat e’lon qildi va bir-birini tinch aholi vakillariga hujumlarda aybladi. O‘t ochishlar oqibatida harbiy xizmatchilar ham, tinch aholi ham qurbon bo‘ldi.

Rossiya ishtirokidagi muzokaralar natijasiga ko‘ra, nizo tomonlari o‘t ochishni to‘xtatishga qaror qildi. 10-noyabrga o‘tar kechasi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari Ilhom Aliyev va Vladimir Putin bilan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni va jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Boku va Yerevan egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtab, Tog‘li Qorabog‘ hududining bir qismi, shu jumladan, strategik jihatdan muhim Shusha shahri Ozarbayjonga o‘tadi. Shartlarda aytilishicha, Armaniston 20-noyabrgacha Agdam va Kalbajar tumanlarini, 1-dekabrga qadar Lachinni Ozarbayjonga qaytarishi kerak edi. Shuningdek, kelishuv mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlarini kiritishni nazarda tutadi. Nizoni tartibga solishda boshqa mamlakatlardan tinchlikparvar kuchlarning ishtirokini o‘sha vaqtda Moskva rad etgan edi.

Armaniston mudofaa vazirligi harbiy adovat tugashining sabablarini tushuntirayotib, Boku Anqaradan harbiy yordam olganini, Yerevanga esa oldingi pozitsiyadagilarning rotatsiyasini ta’minlash uchun harbiylar yetishmaganini ma’lum qilgandi. Nizo chog‘ida Armaniston tomoni urushda Turkiya maxsus bo‘linmalari qatnashganini bir necha marta aytgandi.Turkiyadan yollanma qo‘shinlar Qorabog‘ga yuborilgani haqida The Wall Street Journal ham Suriyadagi manbalariga tayanib xabar bergandi. Boku va Anqara buni rad etgandi.

Oktabr o‘rtalarida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiyaning Tog‘li Qorabog‘ masalasini yechishdagi ishtiroki nizoning tugashini tezlashtirishi mumkinligini aytgandi. “Turkiyasiz bu mintaqada hech qaysi masala hal bo‘lishi mumkin emas. Buni so‘nggi yillardagi tarix ko‘rsatib berdi, bu kimgadir yoqishi mumkin, kimgadir esa yo‘q, lekin bu haqiqat”, — degan edi u.

Putin, Aliyev va Pashinyan o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvni imzolaganidan keyin bir kun o‘tib, Rossiya va Turkiya mudofaa vazirliklari yana bir hujjat — Ozarbayjon hududida tinchlikparvarlik missiyasi uchun qo‘shma monitoring markazi tashkil qilish haqidagi memorandumni imzoladi, ushbu markaz bitimga rioya qilinishi ustidan nazorat olib boradi va “eski nizoni tartibga solish uchun asos” yaratishga yordam beradi, deya aniqlik kiritgandi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.