YHXBB Jizzax viloyati Forish tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalaridan birining tafsilotlari haqida ma’lum qildi.
Boshqarma axborot xizmati Telegram’da e’lon qilgan videoga ko‘ra, Jizzax viloyati Forish tumanida 1993-yilda tug‘ilgan S.K. o‘z boshqaruvidagi Nexia’da tumanning “Yoshlik” mahallasida yashovchi 1977-yilda tug‘ilgan J.S.ni urib yuborgan. Shifokorlarning taxminiga ko‘ra, jabrlanuvchi spirtli ichimlik ichgan va mast holatda bo‘lgan.
J.S. avariyadan keyin kasalxonaga olib borilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, u yerda hayotdan ko‘z yumgan.
“Surishtiruvlarda J.S.ning onasi bilan birga Forish tumanida yashovchi qarindoshining uyiga to‘yga kelgani, voqea joyidan 200-250 metr masofa uzoqlikdagi to‘yxonadan chiqib, maqsadsiz qorong‘i yo‘lga chiqib qolgani aniqlandi”, – deya hodisa haqida dastlabki ma’lumotlarni bergan Jizzax viloyati IIB YHXB boshlig‘i Husan Xolqo‘ziyev.
Shuningdek, videolavhada IIB vakili haydovchini so‘roqqa tutib, voqea qanday sodir bo‘lgani va qanday tezlikda harakatlangani haqida so‘ragan.
Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u tunda harakatlanib kelayotgan vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishdan mashina kelib qolgan va chiroqlarning ko‘ziga tushishi oqibatida S.K. to‘satdan yo‘lga chiqqan piyodani ko‘rmagan.
“Yo‘l yoritilmagan, ustunlarda chiroqlar yo‘q, yo‘lning qatnov qismi tekis. Yon atrofda aholi xonadonlari kamligi tufayli ko‘chaga chiroqlar o‘rnatish hozircha rejalashtirilmagan”, – deya hodisa sodir bo‘lgan yo‘ling sharoitiga e’tibor qaratgan Husan Xolqo‘ziyev.
Jizzax viloyatida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Jumladan, oktabr oyida Zarbdor tumanida “Jiguli” eshak aravani urib yuborishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, G‘allaorol tumanida ikki Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan to‘qnashuv oqibatida ikki kishi vafot etgani, shuningdek ushbu tuman hududida yoritish chiroqlarisiz harakatlangan Cobalt yuk mashinasiga urilishi yo‘lovchilardan birining o‘limiga sabab bo‘lgani haqida xabarlar berilgan.
Mavzuga doir:
- Jizzaxda ikki yuk mashinasi sodir etgan YTH oqibatida haydovchilardan biri shifoxonaga yotqizildi
- Jizzaxda 2 ta Howo haydovchisi qarama-qarshi yo‘nalishda o‘zaro hazillashishi oqibatida mashinalar bir-biri bilan to‘qnashdi
- Jizzaxda piyodani urib ketib, voqea joyidan qochgan Isuzu haydovchisi qo‘lga olindi. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan