O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov “Rostov”dan “Jenoa”ga transfer qilindi. Mazkur transfer ortidan Eldorning sobiq jamoalari “Mash’al” va “Bunyodkor” qancha miqdorda pul ishlab olgani haqida Professional futbol Ligasi (PFL) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev xabar qildi.

Foto: RPL

Imomxo‘jayevning Rossiya nashrlariga tayanib xabar qilishicha, “Jenoa” Shomurodov transferi uchun 7,5 million yevro to‘lagan. Bunda FIFA tomonidan belgilangan birdamlik mexanizmiga ko‘ra, futbolchini tarbiyalashda ishtirok etgan klublar mazkur miqdorning besh foiziga (375 ming yevro) ega chiqadi. Unda futbolchining 12 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan davrida shug‘ullangan klublariga pul to‘lab beriladi.

Eldor 2007-yilda 12 yoshga to‘lgan va 2014-yilga qadar “Mash’al”da to‘p tepgan. Demak, muborakliklar klubi umumiy hisobda 225 ming yevroga ega chiqadi.

“Bunyodkor” 2015—2017-yillardagi holat uchun “Jenoa”dan 115,5 ming yevro oladi. “Rostov” esa 2017-2018-yillar uchun 37,5 ming yevroni qo‘lga kiritadi.

Agar “Jenoa” transfer uchun pulni bo‘laklarga bo‘lib to‘laydigan bo‘lsa, bunda beriladigan miqdor o‘zgarmaydi, faqat uning qay tartibda olinishi o‘zgaradi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!