Eldor Shomurodovning Italiyaga ko‘chib o‘tishi ortda qolgan transfer oynasining eng kutilmagan voqealaridan biri bo‘ldi. Sentabr oyining oxirida “Jenoa” “Rostov”ga taklif bilan chiqdi, bir necha kundan so‘ng esa bu kurashga “Verona” va “Fiorentina” ham qo‘shildi. Tabiiyki, raqobatdan g‘olib chiqish uchun genuyaliklar taklifni yaxshilashga majbur bo‘ldi va yakunda Eldor transferini amalga oshirishga erishdi.

Rossiyaning Sport24 nashri Eldor Shomurodov bilan intervyu uyushtirib, undan “Rostov”dagi murabbiyi Valeriy Karpin, bolaligi va amalga oshgan orzulari haqida so‘radi. “Daryo” esa o‘quvchilarga mazkur intervyuni o‘zbek tilida taqdim etadi.

— Shartnoma imzolagandan so‘ng terma jamoaga ixtiyoriga qo‘shilgandingiz. Hozir qayerdasiz?

— Istanbuldaman, aeroportda. “Jenoa” federatsiyaga murojaat qilib, tezroq jamoaga qo‘shilishim va kundalik masalalarni hal qilishim uchun meni qo‘yib yuborishni so‘radi. Misol uchun turar joyni ijaraga olish masalasi. Bunga imkoniyat yaratib bergani uchun Vadim Abramov va butun murabbiylar shtabidan minnatdorman. Albatta, agar rasmiy o‘yinlar bo‘lganida, erta ketish haqida gap-so‘z ham bo‘lmasdi.

— Siz va “Jenoa”. Bu qanday sodir bo‘ldi?

— Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. Qahhor Mo‘minov (Eldorning agenti) qo‘ng‘iroq qilib, shunday variant borligi va uni ko‘rish chiqish kerakligini aytdi. Men darhol rozi bo‘ldim. Boisi bolaligimdan Yevropada o‘ynashni orzu qilardim. Boshidan bunga intilardim. Qaysi mamlakat yoki jamoada bo‘lishining ahamiyati yo‘q, shunchaki o‘zimni o‘sha yerda sinab ko‘rishni va nimalarga qodirligimni ko‘rishni xohladim.

Foto: Twitter/@GenoaCFC

 Ko‘pchilik so‘nggi pallagacha “Manchester Yunayted” va “Barselona” kabi jamoalardan takliflarni kutadi. Ularning aytishicha, top bo‘lmagan klubga borishdan ma’ni yo‘q va undan ko‘ra Rossiyada qolgan yaxshiroq.

— Top klublar taklifini kutishdan foyda yo‘q. Siz faqat vaqtingizni yo‘qotasiz, xolos. Men ham “Rostov”da qolishim mumkin edi, menga u yerda hamma narsa yoqar va juda qulay edi. Ammo Yevropa haqidagi o‘ylar miyamda azaldan to‘planib kelgan. Shu tariqa imkoniyat paydo bo‘lishi bilan unga rozi bo‘ldim.

— So‘nggi daqiqalarda “Verona” va “Fiorentina” sizni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekanligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Siz ushbu variantlarni ko‘rib chiqdingizmi yoki boshidan “Jenoa”ga e’tibor qaratganmidingiz?

— Bu haqida internet orqali bildim. O‘sha paytda “Jenoa” bilan muzokaralar yakunlangandi, biz so‘nggi detallarni muhokama qilayotgandik. Boshqa variantlar haqida o‘ylamayotgan ham edim.

— Ushbu yozda sizda boshqa takliflar ham bormidi?

— Ispaniyadan, Belgiyaning “Genk”idan takliflar bo‘ldi. Bungacha, yil boshida “Shtutgart” (Germaniya — “Daryo”) varianti ham bor edi.

 “Jenoa taklifi paydo bo‘lganida Karpin nima dedi?

— Men darhol unga o‘zimni sinab ko‘rmoqchi ekanligimni aytdim. U esa meni futbolchi sifatida tushunishini, lekin murabbiy sifatida ketishimni xohlamasligini va “Rostov”da kerak ekanligimni aytdi. Shuningdek, u agar rahbariyat transferni ma’qullasa, bunga aralashmasligini va’da qildi. U va klubdan orzumni tushungani uchun judayam minnatdorman.

— Xayrlashuv videosida Karpin sizga “yig‘lama” dedi. Ayting-chi, rostanam yig‘lamadingizmi?

— Tan olaman, ko‘z yoshlarimni tiyib tura olmadim. Bir tomondan, orzularim amalga oshayotgandi, boshqa tomondan esa ketish juda qayg‘uli bo‘ldi.

— Instagram’da Karpin: “Arzimaydi, qiyshiqoyoq”, – deb yozganiga qanday munosabat bildirdingiz?

— Juda yaxshi qabul qildim. Bu hazil ekanligini tushundim. Mashg‘ulot paytida men undan doimo shunday narsalarni eshitganman, bu odatiy hol. Karpin bilan doimo yaxshi munosabatda bo‘lganmiz. Masalan, ketishimdan oldin Valeriy Georgich kulib menga shunday dedi: “Sen, qiyshiqoyoqni kim ham buncha pulga olardi”.

— “Spartak”da ko‘pchilik Karpinning hazillaridan ranjirdi.

— Men har doim hazilga ijobiy munosabatda bo‘lganman. Ammo Georgich bilan ko‘pincha jiddiy, hatto qattiq suhbatlar bo‘lardi. Men uni har doim haqiqatni aytgani uchun juda hurmat qilaman. Men hatto javob berolmasdim, chunki tushunardimki, Karpin o‘zi ham futbolchi bo‘lgan, agar u biron bir narsani maslahat bersa, uni eshitish va so‘raganini qilish lozim.

— Bir yil oldin siz u bahslashgan ekansiz: agar 4 ta uchrashuvda 3 ta gol ura olmasangiz, sochingizni kalga oldirardingiz, shundaymi?

— Ha shunday (kuladi). Garchi o‘zimni sochsiz qolishga ruhan tayyorlagan bo‘lsam-da, g‘olib bo‘ldim.

— Karpin qanday shartni bajarishi kerak edi?

— Hech qanday (kuladi). U shunchaki Horikka (Horen Bayramyan “Rostov” futbolchisi – “Daryo”) yaqinlashdi va shunday dedi: “Agar ikkita gol urmasang, sochingni olib tashlaysan”. Keyin esa menga qarab: “Sen esa uchta urasan”, – dedi.

— “Jenoa”da 61-raqamni oldingiz. Bu Rostov viloyatining mintaqaviy kodi.

— Bu g‘oyani do‘stim taklif qildi. U shunday dedi: “Agar hali raqam tanlamagan bo‘lsang, 61-raqamni ol, bu bizning mintaqamizning kodidir, rostovlik muxlislar bundan xursand bo‘ladi”. “Jenoa”da baribir 14-raqam band ekan, shuning uchun “Rostov” va klub muxlislariga minnatdorchilik bildirishni ma’qul ko‘rdim.

— Avvalroq sizdan Ronaldudan ko‘proq gol urasizmi, deb so‘rashdi. Plankani biroz tushiramiz: Miranchukdan (Rossiyalik futbolchi, yozda Moskvaning “Lokomotiv” klubidan “Atalanta”ga o‘tdi) ko‘proq gol urasizmi?

— Eshiting, gol urishdan avval raqobatda g‘olib chiqish kerak. Mening birinchi vazifam – tarkibda o‘z o‘rnimni egallashdir. Gollar soniga esa keyinroq aniqlik kiritamiz.

 Miranchuk bilan yozishmadingizmi?

— Rostini aytsam, u bilan tanish emasman. Ammo bu yerda, ehtimol, uchrashishimiz mumkin. Aleksey agentlar orqali menga SMS yubordi. Bu yoqimli bo‘ldi.

— Aytaylik, “Zenit” “Jenoa”dan yaxshiroq shartnoma taklif qilganida, baribir Italiyaga ketardingizmi?

— Men baribir ketgan bo‘lardim, chunki boshidanoq agentimga faqat Yevropaga ketishimni aytganman. Bungacha ham uzoq vaqt davomida Qatar, Saudiya Arabistoni va Xitoy klublaridan variantlar bor edi, lekin ularni ko‘rib ham chiqmadim. Men uchun pul asosiy narsa emas.

Foto: Sky Sports

— “Jenoa”da maoshingiz “Rostov”dagiga qaraganda ko‘pmi?

— Ha.

— Italiyaliklar sakkiz oy ichida uchta gol urgan hujumchini sotib olganidan ko‘pchilik hayron bo‘ldi. Samaradorlik nima sababdan tushib ketdi?

— Oh, bu juda qiyin savol. Nima desam ham, bu bahona va o‘zimni oqlash bo‘lib ko‘rinadi. Menimcha, karantin ta’sir qildi. Bizni xonaga qamab qo‘yishdi va hech qayerga chiqishga ruxsat berishmadi – faqat trenajyor velosipedida ishladik va press mashqlarini bajardik. Bu har kimga har xil ta’sir ko‘rsatdi: kimdir tezda jismoniy holatini tiklagan bo‘lsa, men uchun juda uzoq vaqt ketdi.

— Karpin bunga sizning uylanganingizni sabab qilib ko‘rsatgandi.

— Hamma uylanadi-ku! Agar shunday bo‘lsa, hamma sekinlashishi kerak (kuladi). Menimcha, bu ta’sir qilmaydi.

— Uylanishdan oldin Omina (Eldorning rafiqasi) bilan qancha uchrashdingiz?

— Ikki oy.

— Oho...

— Ha. Uylanish vaqti keldi deb qaror qildim. Kelin qidirdim va men uni topdim.

— Yevropani orzum deb aytdingiz. Bolaligingizda Italiyada o‘ynayman deb tasavvur qilganmidingiz?

— Orzu qilishim mumkin edi, biroq tasavvur qila olmasdim. Yaqin vaqtgacha Rossiya chempionatining yulduzlarini ham faqat televizorda ko‘rardim. Esimda, “Rostov”ga kelishim bilan meni “Zenit”ga qarshi o‘yinda tushirishgan.O‘shanda Branislav Ivanovich “Zenit”da o‘ynardi. Bolaligimdan “Chelsi”ning muxlisiman va uning “ko‘k”lar safidagi o‘yinlarini televizorda tomosha qilardim.

— A Seriyani ham tomosha qilarmidingiz?

— To‘g‘risini aytsam, kamdan kam futbol tomosha qilaman. Faqat Chempionlar Ligasi yoki “Chelsi” o‘yinlarini ko‘raman.

Foto: Instagram / @shomurodov.eldor

— Qanday qilib futbol o‘ynashni boshlagansiz?

— Oilam futbol oilasi. Dadam, ikki amakim va akam futbolchi bo‘lgan. Bobom esa murabbiy. Dadam ham hujumchi edi. Esimda yo‘q, lekin u yaxshi o‘ynagan deyishadi. Afsuski, jarohatlar tufayli faoliyatini erta yakunlagan. Amakim “Nasaf” bilan OFK Kubogini, “Bunyodkor” bilan esa O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan. Men olti yoshimdan mashq qilishni juda xohlardim, lekin ular faqat birinchi sinfdan boshlab ruxsat berishgan. Men yetti yoshga to‘lguncha kutishim kerak edi. 12 yoshimda esa meni “Mash’al” akademiyasiga olib borishdi. Bu O‘zbekistondagi birinchi raqamli akademiya.

— “Chelsi”ga muhabbatingiz qayerdan paydo bo‘lgan?

— Ochig‘ini aytsam, bilmayman ham. Menimcha, hammasi bolaligimda “Chelsi” formasini olib berishganidan keyin boshlangan. Fernando Torres va Drogbaning o‘yinlarini yoqtirardim.

— O‘zbekistonda bir safar Rivaldoning qo‘lidan yetaklab chiqqan ekansiz.

— “Mash’al” akademiyasida o‘ynaganimda, amakim Ilhom asosiy tarkibda o‘ynardi. Men har doim uning qo‘lidan ushlab maydonga chiqardim. Ammo bir safar “Bunyodkor” futbolchilari bilan chiqishimiz kerak bo‘lib qoldi. U o‘sha paytda “Quruvchi” deb nomlanardi. Menga esa Rivaldo tushib qoldi. Rosa hayajonlanganman, ochig‘i bunga ishona olmaganman.

— O‘zbekistondan Italiyaga uchib ketdingiz. Keyingi safar kelganingizda, o‘zingiz bilan qancha “Jenoa” libosini olasiz?

— Oh, hatto tasavvur ham qila olmayman. Kattagina sumka olsam kerak. Menimcha, bu mening qanday o‘ynashni boshlashimga bog‘liq bo‘ladi. Agar yaxshi o‘ynasam, chamadon ham yetmasa kerak. Yomon o‘ynasam, hech kimga mening futbolkalarim kerak bo‘lmaydi.