“Barselona” La Liga 6-turi doirasida “Real”ga qarshi o‘yindagi (1:3) hakamlik borasida Ispaniya futbol federatsiyasiga rasmiy shikoyat xati bilan chiqdi.
Katalon klubining e’tiroziga sabab bo‘lgan asosiy jihat Kleman Langlening o‘yin qoidasini buzganidan keyin penalti belgilangani bo‘lgan. Hakam Xuan Munuera Martines VAR’ga murojaat qilgan va shundan keyin penalti belgilagandi.
Diario Sport nashrining xabariga ko‘ra, qanot hakami Martinesga Langle tomonidan o‘yin qoidasi buzilmaganini, aksincha, undan avvalgi holda unga nisbatan qo‘pollik bo‘lganini aytgan. Biroq bosh hakam uning so‘zlariga quloq solmagan va 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan.
Ta’kidlanishicha, “Barselona” hakamlar suhbati yozib olingan audioni so‘rash niyatida. “Barselona”dagilarning uchrashuvlarga hakamlar tayinlashga mas’ul Karlos Velasko Karbalyo boshchiligida klubga qarshi kampaniya o‘tkazilayotganiga ishonchi komil.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)