Rossiyada 23-oktabr tongi holatiga ko‘ra, koronavirusga chalinish bo‘yicha 17 340 ta holat qayd etildi, deb xabar bermoqda Meduza virusga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor shtab ma’lumotlariga tayanib. Bu sutka davomida kasallanganlar soni bo‘yicha yangi antirekord. Avvalgi yuqori ko‘rsatkich 20-oktabrda qayd etilgan, shu kuni 16319 kishida COVID-19 aniqlangandi.

Foto: Pixabay

Yangi aniqlangan kasallanish holatlarining eng ko‘pi Moskva ( +5478 kishi), Sankt-Peterburgda (+710) va Moskva viloyatida (+472) qayd etilgan. Mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 1 480 646 nafarga yetdi.

Sutka davomida COVID-19 bemorlarining 283 nafari, pandemiya boshlanganidan buyon esa 25 525 nafari vafot etgan. Sog‘ayganlar soni esa 1 119 251 nafarni tashkil etmoqda, shu jumladan bemorlarning 11 263 nafari so‘nggi bir-kecha kunduzda tuzalib, kasalxonadan javob berilgan.

“Rospotrebnadzor” ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada koronavirusni aniqlash bo‘yicha so‘nggi  24 soat davomida 546 mingta, umumiy hisobda esa 56,2 milliondan ortiq test o‘tkazilgan.

Rossiya hukumati mamlakatda koronavirus tarqalishi tufayli qat’iy cheklovlarni joriy qilishni rejalashtirmayapti.

Dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinish holatlari soni bo‘yicha ham antirekord yangilandi. 22-oktabr kuni COVID-19’ga chalinganlar soni bir kecha-kunduzda 423 819 kishiga o‘sgan.  Bu 17-oktabrdan buyon kuzatilgan maksimal ko‘rsatkichdir, o‘shanda qariyb 413 ming kishida koronavirus aniqlangan edi.