Rossiya prezidenti Vladimir Putin siyosatchi Aleksey Navalniy davolanish uchun Germaniyaga qo‘yib yuborilishiga shaxsan o‘zi yordam berganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: “Tvzvezda.ru”

“Bu fuqaroning rafiqasi menga murojaat qilganidan keyin darhol prokuraturaga uning davolanish uchun chet elga chiqish imkoniyatini tekshirib ko‘rishni buyurdim, chunki unda sud tekshiruvi va jinoyat ishi bilan bog‘liq cheklovlar borligi uchun chiqarilmasligi ham mumkin edi. Uning mamlakatdan chiqishiga cheklovlar bor edi. Men bosh prokuraturadan bunga ruxsat berishni so‘radim. U jo‘nab ketdi”, — dedi Putin.

Prezident, shuningdek, “figurant” Rossiya hukumati tomonidan zaharlanganida uning chet elga ketishiga ruxsat berilmagan bo‘lishini aytdi.

Rossiya prezidenti ta’kidlashicha, Moskva Navalniyning zaharlanishini tekshirishda xalqaro hamkorlikka tayyor. U Germaniya Rossiya huquq-tartibot organlari so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirayotganidan shikoyat qildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli Rossiyada jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asoslar yo‘q.

Navalniy shtablarining mintaqaviy tarmog‘i rahbari Leonid Volkov Putinning gaplarini izohlar ekan, prezident Lavrov-Prigojin mavzular majmuyini takrorlayotganini aytdi.  “Putin 22-avgustdagi mavzular majmuyi bilan hozir, 22-oktabrda juda ayanchli ko‘rinyapti — ikki oy ichida yaxshiroq biron narsa o‘ylab topishsa bo‘lardi”, — dedi Volkov.

Navalniyning ahvoli 20-avgustda Tomsk–Moskva reysida uchayotgan samolyotda yomonlashgan, layner Omskka favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan. U yerda Navalniy sun’iy koma holatida ikki kun yotgan, keyinchalik Berlindagi “Sharite” klinikasiga olib ketilgandi. Ayni vaqtda Navalniy Germaniyada kasallikdan keyin reabilitatsiyani o‘tkazmoqda. Germaniya hukumati Navalniyga “Novichok” guruhiga mansub zahar bilan suiqasd uyushtirilganini ma’lum qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya davlat rahbari Emmanuel Makron bilan suhbatda rossiyalik siyosatchi Aleksandr Navalniyning o‘zi noma’lum sabablarga ko‘ra “Novichok” guruhiga mansub zaharni ichgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan, keyinchalik Navalniy zaharni o‘zi qabul qilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi Putinning taxminiga javob qaytargandi.

Avvalroq Aleksey Navalniy o‘zining zaharlanishida prezident Vladimir Putin shaxsan aloqador, deb hisoblashini ma’lum qilgandi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi esa siyosatchining zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyat sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surgandi.