Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasi finali 19-dekabr kuni Qatarda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) ma’lum qildi.
Avvalroq Qatarda musobaqaning g‘arb mintaqasi klublari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tgan va unda Eronning “Persepolis” jamoasi final yo‘llanmasiga ega chiqqandi. Keyinchalik sharq mintaqasidagi o‘yinlar ham Qatarda o‘tishi belgilandi. Endilikda Qatar 18-noyabrdan 13-dekabrga qadar sharq mintaqasidagi o‘yinlarga va musobaqa finaliga mezbonlik qiladi.
Aslida final g‘arb mintaqasida g‘olib chiqqan jamoa maydonida o‘tishi belgilangandi. Biroq OFK Erondagi epidemiologik vaziyatni qoniqarsiz deb topgan. Shuningdek, bir o‘yinlik finalda qaysidir jamoaga qo‘shimcha ustunlik beradigan jihatlar ham inobatga olinib, ushbu qarordan voz kechilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” Dohada bo‘lib o‘tgan musobaqa chorak finaliga qadar yetib bordi va u yerda “Persepolis”ga mag‘lub bo‘lib (0:2), o‘z yurishini to‘xtatdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)