Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorda yurak qon-tomir kasalliklarining bo‘lishi uning kasalxonaga tushish xavfini olti baravarga oshiradi, bunda o‘lim holatlari kuzatilishining ehtimoli o‘n ikki baravarga oshadi. Bu haqda Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining Kardiologiya tibbiy tadqiqotlar markazi bosh direktori, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Sergey Boytsov ma’lum qilgan, deb yozmoqda “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

“Yurak qon-tomir kasalliklarining patologiyasi va koronavirus infeksiyasining o‘zaro munosabatlari o‘ta og‘ir kechadi. Ushbu kasalliklar COVID-19’ga chalinish ehtimolini oshirmaydi, biroq koronavirus infeksiyasi ular bilan birga kechsa, bemorning kasalxona sharoitida davolanish ehtimoli taxminan olti baravar, o‘lim holatining xavfi esa 12 baravarga oshib ketadi”, – degan Boytsov.

Shuningdek, olim ushbu patologiyalar koronavirus infeksiyasiga chalinib kasalxonada davolanayotgan har uchinchi bemorda uchrayotgani va o‘ta og‘ir holatlarga sabab bo‘layotganini qayd etgan.

Boytsovning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan keyin yurak qon-tomir tizimidagi eng yomon asoratlar trombozlar hisoblanadi.