Rossiyaning “Vektor” virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi mamlakatdagi koronavirusga qarshi ikkinchi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Vaksina “EpiVakKorona” nomini olgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: “Rospotrebnadzor”

“Bilishimcha, bizda yana uchinchi vaksina ham tayyor bo‘lmoqda — Rossiya Fanlar akademiyasining Chumakov nomidagi markazi tomonidan”, — deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ma’lum qilishicha, “EpiVakKorona” vaksinasining ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyingi sinovlari yaqin vaqt ichida 40 ming nafar ko‘ngillida o‘tkaziladi. Ularning orasida 150 kishi 60 yoshdan kattalar bo‘ladi.

Vaksina ro‘yxatga olingani haqidagi guvohnomaga ko‘ra, u 2021-yil 1-yanvardan boshlab aholi tomonidan qabul qilinishi uchun chiqariladi. Vaksina mushak ostiga jo‘natiladigan suspenziya shaklida ishlab chiqiladi.

Vaksinaning 60 ming dozadan iborat birinchi partiyasini yaqin vaqt ichida ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq “EpiVakKorona” vaksinasi uchun patent olingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada patentlangan va ro‘yxatga olingan COVID-19’ga qarshi birinchi vaksina Gamaleya nomidagi epidemiologiya va mikrobiologiya markazi tomonidan yaratilgan “Sputnik-V” vaksinasi hisoblanadi. Uning sinovlari hali to‘liq yakuniga yetmagan.

Sentabr oyida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi uchinchi vaksinaning sinovlariga ruxsat berdi. Mazkur vaksina Rossiya Fanlar akademiyasining Chumakov nomidagi immunobiologik dorilar yaratish va tadqiq qilish ilmiy markazi tomonidan yaratilgan.

Avvalroq O‘zbekiston “Vektor” ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirgandi. Shuningdek, O‘zbekiston “Sputnik-V” vaksinasining 5000 dozasini ajratish yuzasidan Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga murojaat qilgan.