Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, jurnalist Xurshid Daliyevning Twitter’dagi sahifasidagi postida Toshkent viloyatidagi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida elektr ta’minoti uzilib qolgani va kislorod konsentratoriga ulangan bemorlarning ko‘pchiligi vafot etgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur xabarga munosabat bildirib, yangi va zamonaviy talablarga moslab qurilgan shifoxonada birorta ham o‘lim qayd etilmagani, shifoxonada elektr uzluksizligini ta’minlash maqsadida 3 ta dizel generatori o‘rnatilganini ma’lum qilgan.

Keyinroq Xurshid Daliyev Zangiotadagi kasalxonada elektr toki o‘chib qolgani rostligini, biroq 300 kishi vafot etgani noto‘g‘ri ma’lumot ekanligini yozgandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, yuqorida qayd etib o‘tilgan kasalxonaning elektr energiya ta’minoti uch tomonlama, ya’ni Zangiota elektr ta’minoti korxonasi tasarrufidagi nimstansiyasidan chiquvchi 6 kVli “Shifoxona-1,2”, 110/10 kVli “Istiqbol” va “TMZ” nimstansiyalaridan chiquvchi 10 kVli “Sog‘lom-1,2” va “Shifoxona-3,4” elektr tarmoqlari orqali ta’minlanadi.

Shu bilan birga, mazkur kasalxonaning reanimatsiya bo‘limlari uchun maxsus UPS va dizel elektr manbayi o‘rnatilgan bo‘lib, shifoxonaning elektr ta’minoti uchun 24 soat navbatchilik tashkil etilgan.

“Jurnalist Xurshid Daliyev postida keltirib o‘tgan sanasida mazkur hududda elektr energiyasida uzilish kuzatilmagan. Bu holatda kasalxonada birorta o‘lim qayd etilmaganligini shifoxona ma’muriyati ham tasdiqladi”, — deya raddiya bildirgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 7-oktabr kuni Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida tashkil etilgan koronavirus bemorlarini saralash va taqsimlash markazida portlash yuz bergan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlash majmuadagi kislorod balloni yorilishi oqibatida sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi. Portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Portlash kislorod balloni ichidagi kislorodga moy qoldig‘ining aralashgani sababli yuz bergan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.