Gulistondagi saralash va taqsimlash markazida ro‘y bergan portlashdan so‘ng Namangandagi koronavirusni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar holati to‘liq o‘rganib chiqildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Barkamol avlod” sport majmuasi, viloyat yuqumli kasalliklar va ko‘p tarmoqli shifoxonalari, saralash va taqsimlash hamda reabilitatsiya markazlarida bo‘ldi. Ularda bemorlar va tibbiy personal uchun yaratilgan sharoitlar, kuz-qishga tayyorgarlik, ko‘rilgan ehtiyot choralari, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ko‘zdan kechirdi.
“Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi saralash va taqsimlash markazida ro‘y bergan ko‘ngilsiz voqea barchamizga saboq bo‘lishi kerak. Viloyatimizdagi koronavirusni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar sinchiklab ko‘zdan kechirilishi, ularda foydalanilayotgan qurilmalar tekshiruvdan o‘tkazilishi, qurilmalarni ishlatayotgan xodimlar malakasi qayta ko‘rib chiqilishi zarur”, — dedi viloyat rahbari.
O‘rganishlar davomida Namangan shahridagi koronavirusni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarning barchasi generatorlar bilan ta’minlanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi. Shifoxonalarda kislorod ballonlari bilan ishlaydigan operatorlarni qayta o‘qitish va malakasini oshirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 7-oktabr kuni Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazida portlash yuz bergan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlash majmuadagi kislorod balloni yorilishi oqibatida sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi. Portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga doir: